Joriy yilning 5 fevral kuni Sog`liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. Videoseklektor tarzida o`tkazilgan yig`ilishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, oliy o`quv yurtlari rektorlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari ishtirok etdi.
Yig`ilish sog`liqni saqlash vaziri A. Shadmanov raisligida o`tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sog`liqni saqlash sohasi mutasaddilari bilan bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishlarda shifoxonalardagi holatlar, tibbiyot xodimlarining kasbiy etikasi va aholining ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo`layotgan ayrim rahbar xodimlar mas`uliyatini oshirishda ijro intizomi va nazorati alohida o`rin tutishi ta`kidlangandi.
Shu munosabat bilan Hay`at yig`ilishining birinchi masalasi aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tahliliga bag`ishlandi. Ta`kidlanganidek, Prezident virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlarning tibbiyotga tegishli qismi o`rganilganda, ularning 12,6 foizi aynan sog`liqni saqlash xodimlari harakati, bemor va uning qarindoshlariga nisbatan qo`pol muomalada bo`linayotgani haqida ekani ma`lum bo`ldi.
Xususan, Toshkent shahar I. Irgashev nomli 4-son klinik shifoxonasi travmatologiya bo`limida davolanayotgan bemor tomonidan yuborilgan murojaat o`rganilganda ham shifoxonada ayni shu kamchiliklarga yo`l qo`yilayotgani aniqlandi. Bemor va uning qarindoshlari bilan o`tkazilgan suhbat jarayonida shifoxonaning travmatologiya bo`limi mudiri T. Tog`aev va hamshira M. Tolipova haqiqatan ham tibbiyot xodimi deontologiyasi talablarini qo`pol ravishda buzib kelgani ma`lum bo`ldi.
— Bugun biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida yangicha ishlash tizimiga o`tayapmiz. Ya`ni ishimizga bahoni xalq beradigan, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladigan tizimga, — deydi sog`liqni saqlash vaziri A. Shadmanov. — Hayotning o`zi oldimizga eng asosiy maqsad — inson manfaatlarini har tomonlama ta`minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo`ymoqda. Davlatimiz rahbarining qat`iy talabi ham shu. Har bir rahbar xodim xalq dardi, xalqning hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishi shart. Shu kabi holat boshqa tibbiyot muassasalarida ham sodir bo`lmasligi, barcha o`ziga tegishli xulosa chiqarishi uchun mazkur masala muhokamasini bugungi navbatdan tashqari bo`layotgan hay`at yig`ilishimizning bosh masalasi sifatida olib chiqdik.
Yuqorida ko`rsatilgan kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi hamda shifoxonada ma`naviy muhit buzilganligi, tibbiyot xodimlari o`rtasida etika, deontologiya masalalari talabga javob bermaganligi uchun Toshkent shahar I. Irgashev nomli 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokori S. Alimov, shifoxonaning bosh hamshirasi Sh. Alimova, travmatologiya bo`limi mudiri T. Tog`aev va travmatologiya bo`limi hamshirasi M. Tolipovalar o`z vazifalaridan ozod etildi.
Yig`ilish yakunida har bir tibbiyot xodimining asosiy vazifasi aholi salomatligini yanada yaxshilash, oilalarga kirib borgan holda muloqot o`rnatish, kafolatlangan hamda boshqa tibbiy xizmat turlarining o`z vaqtida va ko`ngildagidek ko`rsatilishini ta`minlash ekani yana bir bor ta`kidlandi. Tibbiyot xodimi faoliyati samarasi xalq fikri orqali baholanadigan tizim shakllantirish, bunda tibbiyotning barcha bo`g`inini kompleks rivojlantirish lozimligiga e`tibor qaratildi.