Respublikamizning ayrim viloyatlarida byudjet tashkilotlari xodimlariga 2017 yil dekabr oyining ikkinchi yarmi uchun ish haqi to`lanishi belgilangan muddatlarga nisbatan kechikishiga yo`l qo`yilgan. 31 yanvar kuni Moliya vaziri J.A. Qo`chqorov rahbarligida vazir o`rinbosarlari hamda vazirlikning boshqarma boshliqlari ishtirokida ish haqi to`lovini belgilangan muddatlarda to`lanishi yuzasidan navbatdan tashqari yig`ilishda bu haqda ma`lum qilindi.
Yig`ilishda ta`kidlanishicha, 2018 yilning yanvar oyi davomida ish haqini to`lash muddatlariga rioya etilmaganligi yuzasidan ham respublikaning turli hududlaridan bir nechta murojaat(shikoyat)lar kelib tushgan.
Vazirlikning tarmoq boshqarmalari boshliqlarining faoliyati byudjet tashkilotlari tomonidan ish haqini o`z vaqtida hisoblab, to`lov hujjatlarini moliya va g`aznachilik organlariga taqdim etilishi bo`yicha nazoratni ta`minlamaganliklari uchun qattiq tanqid ostiga olindi.
Yig`ilishda vazir o`rinbosarlari hamda vazirlikning tarmoq boshqarmalari boshliqlariga:
- ish haqi to`lovi uchun byudjet ssudalarini va boshqa mablag`larni kechi bilan 2 ish kuni ichida moliyalashtirilishini ta`minlash;
- byudjet tashkiloti xodimlariga oyning ikkinchi yarmi uchun ish haqi to`lanishini kechi bilan keyingi oyning birinchi 5 ish kunida, oyning birinchi yarmi uchun avans to`lovlarini esa kechi bilan joriy oyning 20 sanasigacha to`lanishini shaxsiy nazoratga olishlari bo`yicha topshiriqlar berildi.
Qayd etilishicha, yanvar oyida vazirlik tomonidan quyi moliya organlariga byudjet tashkilotlari ishchilarining ish haqi to`lovlarini o`z vaqtida to`lanishini ta`minlash maqsadida jami 588 mlrd so`m miqdorda qisqa muddatli byudjet ssudalari va boshqa mablag`lar ajratilgan.
Byudjet tashkilotlarida oylik ish haqini to`lanishining kechikish holatlari bo`yicha Moliya vazirligining (371) 200-50-50 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.






