Namangan viloyati Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga 5 fevral kuni tongi soat 6:00 dan 12:00 ga qadar ko`ngil aynishi, qayt qilish, bosh og`rig`i va umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so`rab 36 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ular o`tkir gastroenterit, toksikoinfeksiya tashxisiga gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan.
Bemorlar bilan o`tkazilgan suhbat davomida barcha bemorlar o`z kasalliklarini 4 fevral kuni soat 12:00-13:00 oralig`ida Kosonsoy tuman markaziy dehqon bozorida noma`lum shaxs tomonidan uy sharoitida tayyorlangan kalla-pocha go`shti va xasip taomini xarid qilib, iste`mol qilish bilan bog`lagan.
Ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan etarli miqdorda ta`minlangan.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o`rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o`z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko`rsatish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul mutaxassislarilari, jumladan, Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A. Abdushukurov, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori o`rinborsari A. Shukurov va bo`lim boshlig`i U. Ismailov, Andijon tibbiyot institutining bir guruh etakchi mutaxassislari Namangan viloyati Kosonsoy tumaniga yuborilgan.
Kosonsoy tuman dehqon bozorida sanitariya-epidemiologiya xizmati, ichki ishlar va soliq organlari mutaxassislari bilan hamkorlikda profilaktika tadbirlari olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og`ir bemorlar yo`q, ularga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.