Bugungi kunda “Xalq banki” tomonidan bir necha turdagi lotereyalari tashkil etilib, o`tkazib kelinmoqda.
Lekin ayrim holatlarda mijozlarga bank xizmatlari ko`rsatish jarayonida pensiya va nafaqalarga lotereya biletlari qo`shib berilishi holatlari qayd etilgan.
Ta`kidlash joiz, lotereya biletlarini ish haqlari, pensiya va nafaqalar, boshqa birinchi darajali to`lovlarga qo`shib sotish qat`iyan taqiqlangan. Bu bo`yicha quyi filiallarga Xalq banki boshqaruvining alohida ko`rsatmasi berilgan. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar va shikoyatlarda ko`tarilgan masalalar atroflicha tahlil qilinib, qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan filial rahbarlari va mas`ul xodimlariga nisbatan mehnat qonunchiligi talablari doirasida intizomiy choralar ko`rilgan.
Jumladan, o`tgan yilda mijozlarga bank xizmatlari ko`rsatilishida amaldagi me`yoriy hujjatlar talablariga rioya etmagan va ishda (jumladan, lotereyalar bilan ishlashda) qo`pol xato va kamchiliklarga yo`l qo`ygan bank filiallarining 222 nafar rahbar xodimiga Mehnat kodeksining hayfsan va o`rtacha ish haqiga nisbatan jarima qo`llash tarzidagi intizomiy chora ko`rilgan, 91 nafar rahbar va bosh buxgalter esa egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bank rahbariyati tomonidan fuqarolarga lotereyalarning sotilishini qat`iy ravishda ixtiyoriylik prinsipiga rioya qilgan holda amalga oshirish va fuqarolarning asosli e`tirozlari kelib chiqishining oldini olish choralari ko`rib boriladi va jarayon doimiy nazoratga olinadi.
“Xalq banki”ning Adliya vazirligiga yo`llagan javob xatidan olindi.






