Endilikda Toshkent metropolitenida fotosurat va videolavhaga olish taqiqlanmaydi. Bu haqda 7 fevral, chorshanba kuni bo`lib o`tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi uchrashuvida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorga muvofiq, barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko`rsatkichlar o`rnatilgan ob`ektlarni istisno qilganda, turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
“Shunday tizim yaratilyaptiki, agar qandaydir taqiqlovchi belgi bo`lmasa, bemalol suratga olish mumkin. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ko`p ko`tarildi. Xorijlik turistlar O`zbekistonga kelib, qaysidir ob`ektlarni suratga olmoqchi bo`lishganda moneliklar bo`lgan. Endilikda nafaqat turistlar, balki o`zbekistonliklar ham suratga olishlari mumkin. Shu jumladan, metroni ham. Bunga taqiqlar bo`lmaydi. Aslida Toshkent metrosi — dunyodagi eng chiroyli metro. Biz uni reklama qilishimiz kerak”, dedi Aziz Abduhakimov.
“Biroq hammasini bir kunda bajarib bo`lmaydi. Qaror endi imzolandi. U hayotga tadbiq etilishi uchun esa vaqt kerak bo`ladi. Shuni tushunimiz kerakki, yana xavfsizlik masalalari ham bor. Biz uni to`la inobatga olishimiz kerak. To`g`ri, suratga olib bo`lmaydigan ob`ektlar bor. Shu bois IIV bilan hamkorlikda suratga olish mumkin bo`lgan va yoki mumkin bo`lmagan ob`ektlar ro`yxati tuziladi”, deya qo`shimcha qildi Qo`mita raisi.






