AsosiyJamiyat

O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi

'O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi'ning rasmi

O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi hamda uning qoshidagi Ixtirochi ayollar uyushmasi hamkorligida o`tkazilayotgan "O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi" birinchi tanlovining yakuniy bosqichi doirasida Toshkentdagi Turin politexnika universitetida ko`rgazma tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar qildi.

Unda tanlovning final bosqichida qatnashayotgan xotin-qizlarning ishlanmalari, ilmiy izlanish va tadqiqotlari namoyish etilmoqda.

Hududlardan saralab olingan eng yaxshi ilmiy-tadqiqot va ishlanma mualliflari etakchi ekspert va mutaxassislar huzurida o`z izlanishlarining taqdimotini o`tkazib, ixtirolarining o`ziga xosligi, noyob jihatlari xususida ma`lumot berish imkoniga ega bo`ldi.

Mazkur tanlov natijasida iqtidorli xotin-qizlarning tegishli soha korxonalarining ilmiy, texnik va texnologik masalalari bo`yicha olingan patenti asosida innovasion loyihalar tayyorlanadi. Shu bilan birga Innovasion rivojlanish vazirligi, agentliklar, xolding kompaniyalari, aksiyadorlik jamiyatlari, sanoat korxonalari va boshqa tashkilotlar tomonidan o`tkaziladigan tanlovlarda tadqiqotchi ayollar o`z loyihalari bilan qatnashishi bo`yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.

2.JPG

– Tadqiqotchi qizlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu qurilma "Zakovat" deb nomlanadi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti o`qituvchisi, loyiha rahbari Mohigul Jo`raeva. – Plastmassa detallardan iborat bu qurilma kislorod etishmovchiligining oldini olish, organizmning ko`z ilg`amas imkoniyatlarini ishga tushirishda yaqindan yordam beradi. "To`qimalarda surunkali gipoksiyani kamaytirish usuli" deb nomlangan loyihamiz yurak-qon tomir tizimi, o`pka, reproduktiv xastaliklar, keksalardagi ateroskleroz kasalliklarida qabul qilinadigan dori preparatlari miqdorini kamaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Urganch davlat universitetining kimyo kafedrasi dosenti To`xtaposhsha Abdurahmonova yaratgan elektron darslik kimyo fani bo`yicha o`qitish uslubini tizimli tarzda yanada takomillashtirish, turli moddalar ishtirokidagi reaksiyalarning natijasini virtual laboratoriya mashg`ulotlari asosida kuzatib borish, bilim va mahoratni yanada boyitish imkonini beradi.

9.JPG

Mazkur ko`rgazma farmasevtika, ta`lim, tibbiyot, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, inklyuziv ta`lim, tadbirkorlik, fizika, kimyo va boshqa yo`nalishlar bo`yicha turli ishlanmalarga, izlanish va tadqiqotlarga boyligi bilan ko`pchilikda katta taassurot qoldirdi.

    Boshqa yangiliklar