O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog`iston Respublikasi shahar va tuman markazlariga xizmat avtomashinalari topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog`iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi raisi X.Halimov va boshqalar aholiga davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini yanada oshirishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.

Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi "Aholiga davlat xizmatlari ko`rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmoni asosida Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning tarkibida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, shahar va tuman markazlari tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan "bir darcha" tamoyili asosida faqat tadbirkorlik sub`ektlariga emas, balki joriy yildan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko`rsatiladi.
Ularning xizmat avtomashinalari bilan ta`minlanishi davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini oshiradi, uning tezkorligi va ochiqligini ta`minlaydi. Eng muhimi, olis va chekka hududlarda yashaydigan fuqarolarning ham davlat xizmatlaridan foydalanishiga keng imkoniyat yaratadi. "Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi", degan tamoyilga muvofiq, yangi tizim Prezidentimizning "Xalq davlat idoralariga emas – davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan ezgu g`oyasini so`zsiz amalga oshirishga xizmat qiladi. 
Tadbirda Davlat xizmatlari agentligining shahar va tuman davlat xizmatlari markazlariga xizmat avtomashinalari topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi M.Erniyazov so`zga chiqdi.





