Asli samarqandlik bo`lgan Sherzod Jalilov ushbu shahardagi 1-fizika-matematika liseyida tahsil olgan. Liseyni tamomlagach, Toshkent Moliya institutining moliya-iqtisod fakultetida bakalavr darajasini, Polshadagi Vroslav universitetida esa magistrlik darajasini olgan. U o`sha erda o`qib yurganida o`z rezyumesini xorij kompaniyasiga jo`natishga qaror qilgan va Volvo Group kompaniyasiga ishga joylashgan, deb yozadi Sputnik nashri.
"Dunyoni o`zgartirishga hissa qo`shish istagida menga ushbu imkoniyatni taqdim etadigan kompaniyani izlay boshladim. Volvo Group — ayni paytda avtosanoat taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan elektromobillar ishlab chiqarish borasida ish olib borayotgan kam sonli kompaniyalardan biri. Aynan mana shu narsa meni Vroslav universitetida tahsil olayotgan paytimdayoq o`z rezyumemni jo`natishga undadi", — deydi Jalilov.
Uning aytishicha, kompaniyadagi bitta bo`sh o`ringa 100dan ortiq nomzod da`vogarlik qilgan.
"Eng murakkab va hal qiluvchi bosqich bu suhbat edi. Suhbatda ishga qabul qiluvchilarni hayron qoldirish, o`zingni tabiiy tutgan holda boshqacha fikrlay olishingni ko`rsatish darkor edi", — deydi u.

Volvo moliyaviy mutaxassisi Sherzod Jalilov (chapda)
U hozirda moliyaviy nazorat bo`limi mutaxassisi hamda Volvo Production Systemda fasilititator sifatida faoliyat olib bormoqda.
"Asosiy vazifam moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish va tayyorlash, etkazib berilgan mahsulot uchun to`lovlar o`z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish, Belgiya va Shvesiya bilan o`zaro moliyaviy masalalarni hal qilish. Ikkinchi lavozimimda esa statistik ma`lumotlar orqali ishlab chiqarish jarayoni ustidan monitoring va nazorat olib boraman", — deydi Sherzod Jalilov.
Uning aytishicha, ish kuni 8 soat bo`lib, buning ichiga tanaffus va shvedlarning an`anaviy fika odati ham kiradi.
"Fika — bu shvedlarga xos madaniy xususiyat bo`lib, hamma qilayotgan ishini bir ozga to`xtatadi va qahva ichadi. G`ika paytida ish haqida gapirish mumkin emas. Bu odamlarga miyasiga dam berish va yangi kuch bilan ishlashda davom etishiga yordam beradi", — deydi Jalilov.
Sherzodning so`zlariga ko`ra, Vroslav go`zal va shinam shahar. Shahar Ikkinchi jahon urushiga qadar Germaniyaga qarashli bo`lgani uchun shaharda nemis arxitekturasiga tez-tez duch kelish mumkin.

"Meni bu erdagi aholining kitob o`qishga qiziqishi hayratga soladi. Parklarda, tramvay, avtobuslarda qo`lida kitob tutgan odamlarni tez-tez uchratish mumkin. Texnologiyalar asrida bu judayam noyob hodisa hisoblanadi", — deydi u.
U tez orada jahonning etakchi kompaniyalari yonilg`i bilan yuradigan avtomobillar ishlab chiqarishdan voz kechishiga ishonadi. Shu bois O`zbekiston ham bugundan elektromobillarni joriy etish uchun sharoit yaratish haqida o`ylashi kerak. Ishni, masalan, elektrda quvvatlanadigan avtobuslar yuradigan kichik tajribaviy elektr-shaharlar yaratishdan boshlash mumkin.
Uning fikricha, mahsulotlar sifatini oshirish va yangi g`oyalar yaratish qobiliyatini rivojlantirish uchun O`zbekistondagi kompaniyalarda xodimlarni o`qitish va malakasini oshirish bo`limlarini tashkil etish lozim. Bu xodimlarning bilimini oshirishga va ularni doimo izlanishga undar ekan. U ishlayotgan kompaniyada Volvo Group University ana shunday faoliyat bilan shug`ullanadi.
Bundan tashqari, uning aytishicha, o`zbek kompaniyalari jahonning etakchi universitetlaridagi ilmiy laboratoriyalar bilan aloqa o`rnatsa bu ishlab chiqariladigan mahsulot sifatini oshirishga, yuzaga kelgan muammolarni echishda ilmiy yondashuvdan foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, "rahbar va mutaxassis xodim orasidagi lavozimiy masofani qisqartirish kerak. Mutaxassislar — bu etkazib beruvchilar, mijozlar, mahsulot bilan bevosita muloqotda bo`ladigan kishilar. Shunday ekan, rahbariyat va mutaxassis o`rtasida ochiq muloqot bo`lgandagina muammoning asl sababini aniqlash, unga har tomondan razm solish va hamkorlikda qaror qabul qilish mumkin bo`ladi", — deydi Jalilov.
U bugungi yoshlar haqida quyidagicha fikr bildirdi:
"Menimcha, bugungi yoshlar duch kelayotgan asosiy muammo mavhumlik, o`ziga ishonmaslik, o`zlari mashg`ul bo`lgan ishga nisbatan mehrning yo`qligidir. Ish rohat emas, majburiyat bo`lar ekan, inson maqsadini yo`qotadi, oqim bo`ylab suzuvchi qayiqqa aylanadi".
Shu sababli u yoshlarga nafaqat zavq bag`ishlaydigan, balki ularni ertangi kun yanada yaxshi bo`lishiga ilhomlantiradigan ish topishlarini tiladi.
"O`zbekistonga qaytib o`z yurtingizda faoliyat yuritish rejangiz bormi" degan savolimizga Sherzod Jalilov "Albatta", deb javob qaytardi.
U O`zbekistonga qaytgach, Volvoda orttirgan tajribasini, korporativ boshqaruv usullarini Vatandagi korxonalarda qo`llashni niyat qilganini bildirdi.
Uning ishonishicha, xorijning ilg`or tajribalarini qo`llash orqali mahalliy kompaniyalar yangi g`oyalar yaratadi va rivojlanishning yangi bosqichiga ko`tariladi.
Suhbatdosh Dilshodbek Asqarov, «Sputnik» tahririyati.






