Jinoyat ishlari bo`yicha Xo`jayli tumani sudida fuqaro M.Munajovga nisbatan qo`yilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi boshqa jazo turiga almashtirilib, u sud zalidan ozod etildi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan imzolangan memorandumga muvofiq, kafolat xati asosida ozodlikka chiqqan Munajov Maman Nizomatdinovich 1989 yilda tug`ilgan. Nukus shahridagi “Juo`azshi” mahalla fuqarolar yig`ini Juzim bag` ko`chasida yashaydi.
U Nukus shahar ichki ishlar bo`limining katta inspektori lavozimida ishlagan davrida ta`magirlikda gumonlanib, qo`lga olingan.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-bandi bilan sudlangan M.Munajov sud zalidan ozod etildi.
– Yuqorida zikr etilgan memorandum 2017 yil 5 dekabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan imzolangan, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashi huquqshunos-maslahatchisi K.Paluaniyazov. – Memorandumning asosiy maqsadi yoshlarning komil inson bo`lib voyaga etishi, jamiyatda o`z o`rnini topishi, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo`shishini ta`minlashga sharoit yaratishdan iborat. Shuningdek, memorandumda bilib-bilmay jinoyat ko`chasiga kirib qolgan yoshlarni kafolatga olish orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlash yoki sud zalidan ozod qilish bosh maqsadlardan biri hisoblanadi.
Memorandum talablarining biri bo`lgan kafolat xati berish – faqat jinoiy ishi sudda ko`rilayotgan yoshlarga berilishi nazarda tutilgan. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, jazoni o`tash muassasalarida jazo o`tayotgan yoshlarga kafolat xati berish memorandum talablariga kiritilmagan.






