“O`zbekdavlatsirki” davlat muassasasi artistlarining Tojikiston Respublikasiga ijodiy safari bo`lib o`tmoqda, deya xabar qildi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan bildirishicha, 25 yildan so`ng Tojikistonga tashrif buyurgan sirk ustalari mezbonlar tomonidan iliq kutib olindi.
O`zbekiston va Tojikiston mamlakatlari o`rtasida madaniy-gumanitar va sirk sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Eko Aziya” nomi bilan tashkil etilgan mazkur dastur doirasida “O`zbekdavlatsirki”ning artistlari mart oyining oxiriga qadar Tojikistonda ijodiy safarda bo`ladi.
– O`tgan yilning dekabr oyidan buyon tojikistonliklar va Dushanbe shahri mehmonlari Toshkent sirki ustalarining rang-barang chiqishlaridan bahramand bo`lmoqda, – deydi sirkchilar guruhi rahbari Norniso Alieva. – Har kuni ikki martadan namoyish etilayotgan tomoshalarga bolalaru kattalar tashrif buyurmoqda. Dorbozlar, janglyorlar, gimnastikachilarning chiqishlari, o`rgatilgan jonivorlar ishtirokidagi tomoshalar barchaga birdek manzur bo`lmoqda.
09.02.2018 21:05
25 yildan so`ng ilk bor o`zbek sirki Tojikistonda






