AsosiyJamiyat

Farg`onada bir qator tibbiyot mansabdorlari ishdan olindi

'Farg`onada bir qator tibbiyot mansabdorlari ishdan olindi'ning rasmi

Farg`ona viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati bo`yicha o`tkazilgan tekshirishlar natijasida hududda o`z vazifasini sustkashlik bilan bajarib kelayotgan tibbiyot xodimlari ham borligi ma`lum bo`ldi.

Shu munosabat bilan, Farg`ona viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasining mas`ul xodimi A. Nigmanova viloyatdagi barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida patronaj ishlari, tor soha mutaxassislari ko`riklarini talab darajasida tashkil etmagani va berilgan topshiriqlarga etarli darajada e`tibor qaratmaganligi sababli o`z egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshliq o`rinbosari O. Qosimova, tuman tibbiyot birlashmasi ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi mas`ul xodimi M. Rahmonova hamda bolalar bo`limi mas`ul xodimi M. G`anieva tuman aholisini tibbiy patronaj ko`rigi bilan qamrab olish ishlarini talab darajasida bajarmaganligi, tibbiyot bo`yicha berilgan topshiriqlarni sust bajargani uchun vazifasidan ozod etildi.

Rishton tumanida “103” tez tibbiy yordam xizmati ishlarini talab darajasida tashkil etmaganligi, davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 martdagi selektor yig`ilishda shoshilinch tibiy yordam xizmati faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish bo`yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta`minlamaganligi uchun tuman tibbiyot birlashmasi tez yordam bo`limi mudiri M. Boltaboev hamda bo`lim mutasaddi xodimi D. Burxonovalar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, viloyatda o`tkazilgan tekshirishlar natijasida Bog`dod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i Yu. Abdusattorov, Qo`shtepa tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i B. Abdurahmonov, Toshloq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i T. Mamajonov, Rishton tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i M. Tursunxo`jaev, Oltiariq tuman ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Sh. Buzrukovlarning boshqaruvda yo`l qo`ygan kamchiliklari tufayli aholining tibbiy yordamga muhtoj qatlamiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati talab darajasida ko`rsatilmagan va natijada faoliyatda qator kamchiliklar kuzatilgan. Shu munosabat bilan ularning 3 oylik maoshi davlat hisobiga o`tkazildi, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq so`zi online”ga taqdim etilgan xabarda.

Aslini olganda Farg`ona viloyati sog`liqni saqlash sohasini har tomonlama rivojlantirishga davlatimiz tomonidan katta e`tibor qaratilmoqda. 2017 yilda soha rivoji uchun Davlat byudjetidan jami 633,0 mlrd. so`m mablag` ajratilgan bo`lsa, 2018 yilda bu raqam 759,3 mlrd. so`mga etdi. Dori-darmon bo`yicha ajratilgan mablag`lar 2017 yilda 30 mlrd. so`mni tashkil etgan bo`lsa, 2018 yilda bu raqam qariyb ikki barobarga oshirilib, 57 mlrd. so`mga etkazildi. Tez tibbiy yordam xizmatining har bir chaqiruvi uchun ajratilayotgan mablag`lar ham qariyb uch barobarga oshirildi.

Viloyatga amaliy yordam berish tashabbusi bilan chiqqan Respublika tibbiyot markazlarining 11 nafar etakchi mutaxassislari hozirda endokrinologiya, oftalmologiya, kardiologiya, sil va OITSga qarshi kurash, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi va shoshilinch tibbiy yordam markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalarida faoliyat olib bormoqda. Tibbiyot xodimlaridan esa yaratib berilayotgan ana shunday sharoitlardan unumli foydalanib, o`z vazifasiga mas`uliyat bilan yondashish, xalq roziligi uchun sidqidildan mehnat qilish talab etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar