O`zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi tashkilotlar rahbar-xodimlarining har oyda kamida bittadan badiiy asar o`qishi lozimligi belgilab qo`yildi.
“Rahbar bo`lsang, kitob o`qi!” ma`naviy-ma`rifiy tashabbusiga asosan tizim bo`yicha har oyning oxirgi shanba kuni “Mutolaa hisoboti” kuni etib belgilandi. Unga ko`ra, Agentlik markaziy apparati, tizimdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Toshkent shahar va viloyatlar matbuot va axborot boshqarmalari rahbar-xodimlari o`sha kuni o`zi ishlayotgan idoraning rasmiy veb-saytida o`qigan kitobi haqida yozgan taassurotlarini e`lon qiladi.
Eng kitobxon rahbarlarning yozgan hisobotlariga qarab O`zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan rag`batlantirib boriladi. Bunda rahbar-xodimning o`z oilasida kitob o`qishga targ`ib qilish faoliyati ham hisobga olinadi.
Bundan tashqari, Agentlik 1500 dan oshiq ommaviy axborot vositasi, 130 dan ortiq nashriyot va 1800 ga yaqin bosmaxonada mehnat qilayotgan minglab soha rahbarlarini ham ushbu tashabbusni faol qo`llab-quvvatlashga chorlagan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida” 2017 yil 13 sentyabrdagi qaroriga asosan O`zbekiston matbuot va axborot agentligi kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.






