Samarqand viloyatida avtomobil davlat raqamlarini o`g`irlab, ularni qaytarib berish uchun pul talab qilayotgan firibgarlar guruhi paydo bo`ldi. Tovlamachilar bunday “xizmat” uchun 5 AQSh dollari miqdorida tovon puli talab qilayapti, deb yozadi "Xalq so`zi" onlayn nashri.
Bu haqda bir qator mahalliy internet nashrlari ba`zi ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqatildi. Jumladan, "Uznews.uz" internet nashri tahririyatiga ana shunday qing`ir ishdan aziyat chekkan Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro murojaat qilgan. Jabrlanuvchining so`zlariga ko`ra, u 12 fevral kuni o`z uyidan uncha uzoq bo`lmagan joyda qoldirgan “Lasetti” rusumidagi avtomashinasida davlat raqamlari yo`qligi, ulovining yon qismida qirilgan joylar paydo bo`lganini payqab qoladi. Bundan tashqari, old oynasi tomonda “Qiwi-hamyon” orqali 5 AQSh dollari to`lashi shartligi to`g`risidagi xat qoldirilganini ko`radi.

Xatning mazmuni:
“O`z avtomobilingiz raqamini qaytarib olishni istasangiz, quyidagilarni bajaring:
* +77762599592 QIWI-elektron hamyoniga 5 $( dollar, so`m ham rubl ham emas) yuboring. Buni O`zbekistondagi xohlagan bankda amalga oshirish mumkin.
* Jo`natishingiz bilan “@urustama” telegram manzili yoki “rustammalikov@yandex.ru” elektron pochtasiga yozing.
Agar bularning barchasini qilsangiz davlat inspeksiyasi, DAN, milisiyaga ariza tashlashingizga ketadigan juda ko`p vaqt va kuchingizni tejagan bo`lasiz.
Bunday noqulaylik uchun uzr so`raymiz. Pulingizning yarmi xayrli ishlar(mehribonlik uylari, kam ta`minlanganlar, etimxonalar)ga sarflanadi”.
O`g`rilar esa ushbu to`lov amalga oshirilgandan so`ng bir sutka davomida davlat raqami qoldirib ketilgan aniq manzilni yuborishni va`da berishgan.

Manbaga ko`ra, oxirgi paytda Samarqandda avtomobil davlat raqamlarini o`g`irlash bilan bog`liq 30 ta holat kuzatilgan.

Ayni paytda viloyatdagi muxbirimiz ushbu vaziyatni o`rganishga kirishgan. Uning to`liq natijalari bilan yaqin soatlarda boxabar qilamiz.






