2018 yilda Yaponiyaning Yokogama shahri yaqinida “Aqlli Sunasima” megapolisi barpo etiladi. Qurilish ishlariga 10 yirik kompaniyani o`zida jamlagan konsorsium kirishib ketdi.
Mahalliy hokimiyat tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgan loyiha tashabbuskorlari Panasonic va Nomura Real Estate Development korporasiyalaridir. Ular “Aqlli shahar”ning konsepsiyasini taqdim qilishdi.
To`g`ri, shaharda fantastik filmlardagi kabi uchar taksilar bo`lmaydi. Ammo joriy etiladigan texnologiyalarning qiyosi yo`q. Shaharning katta qismi savdo uylariga beriladi. Markazda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, Keyo universiteti talabalar kampusi, savdo-ko`ngilochar dargohlar joylashadi.
Energiyadan samarali foydalanuvchi texnologiyalar qo`llanilishi atmosferaga chiqadigan is gazini 40 foiz qisqartiradi. Suv iste`moli 30 foiz kamayadi. Energiyaning 30 foizi tabiiy manbalardan olinadi. Bundan tashqari, favqulodda hodisalar yuz berganda, shahar uch kun mobaynida o`zini o`zi energiya va boshqa resurslar bilan ta`minlaydi.
Energomarkaz shaharning “yuragi”da joylashadi va elektr ishlab chiqarish hamda ta`minotni muvofiqlashtirib turadi. U barcha inshootlarni ekologik toza energiya bilan ta`minlaydi. Tokyo Gas Group kompaniyasi bu erga yuqori samara beruvchi issiqlik va energiya ishlab chiqaradigan tizim o`rnatadi.
Elektr energiyasi orqali paydo bo`lgan issiqlik uylarni va suvni isitadi. Shaharga gaz zilzila va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli maxsus quvurlar orqali etkazib beriladi.
Sunasimada ekomobillar harakatlanadi. JX Nippon Oil & Energy korporasiyasi barpo etadigan vodorod quyish stansiyalari ekologik avtomobillarni yonilg`i bilan ta`minlaydi.
Zamonaviy texnologiyalar Keyo universitetining xalqaro kampusida turli mamlakatlardan kelib tahsil olayotgan talabalarning og`irini engil qiladi. Maxsus jihozlar havoning sofligini ta`minlashga xizmat qiladi.
UNY kompaniyasining aqlli savdo-ko`ngilochar markazida aholi onlayn tarzda oziq-ovqatlarga buyurtma berishi mumkin. Tomlarga o`rnatilgan quyosh panellari shahar markazini qo`shimcha elektr bilan ta`minlaydi. Ko`chalarga o`rtatilgan yorug`lik-diod tizimlari orqali har qanday ma`lumotni olish imkoniyati mavjud bo`ladi. Do`konlarda qanday maxsulot borligi, ularning narxi, yo`llardagi vaziyat, ob-havo ma`lumoti shular jumlasidandir. Tarjima tizimi esa xorijliklarning savdo markazidagi yumushlarini engillashtiradi. Ko`p tarmoqli vidoekuzatuv tizimi xavfsizlikni ta`minlaydi.
Sunasima aholisi uchun maxsus aqlli uylar quriladi. Har bir xonadonga Smart HEMS tizimi va maishiy akkumulyatorlar o`rnatiladi. Ulardan foydalangan aholi kundalik odatlaridan voz kechmagan holda ekologik toza turmush tarzidan bahramand bo`ladi.
Shaharda lift bilan bog`liq muammo deyarli bo`lmaydi. Elektr manbai uzilib qolgan taqdirda ham maxsus akkumulyatorlar yordamida odamlar liftlardan bemalol foydalanaveradi.
13.02.2018 22:02