1

Diniy-ekstremistik oqimlariga qo`shilib qolganlar avf etilgandan keyin ishga olinadimi?

Jamiyat 14.02.2018, 01:38
Diniy-ekstremistik oqimlariga qo`shilib qolganlar avf etilgandan keyin ishga olinadimi?

Davlatimiz tomonidan diniy ekstremizm g`oyalari ta`siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitasiya qilish, ularni sog`lom hayotga qaytarishga qaratilayotgan e`tibor, jamiyatga moslashish imkoniyati berilayotgani xalqimizga xos kechirimlilik va bag`rikenglik kabi yuksak qadriyatlarning yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning 2017 yil 6 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Do`rmon madaniyat saroyida ozodlikka chiqarilgan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan muddatini o`tab qaytgan diniy ekstremistik va terroristik oqimlarga daxldor bo`lgan Qibray, Bo`stonliq, Toshkent tumanlari, Chirchiq shahrida yashovchi shaxslar va ularning oila a`zolari ishtirokida o`tkazilgan tadbirda bu alohida ta`kidlandi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquq-tartibot idoralari xodimlari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg`armasi viloyat bo`limlari va O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari ishtirok etdi.

Qibraylik Jo`raboy Komilov ham ko`p qatori oilasiga bosh bo`lib, uch farzandini tarbiyalash o`rniga jinoyat ko`chasiga kirdi. Jazoni ijro etish muassasasida qilmishining qonunlarimizga xilofligini anglab etgach, pushaymon bo`ldi. Davlatimiz tomonidan uning qilmishi afv etilib, jamiyatda o`z o`rnini qayta topishi uchun yana bir imkoniyat berildi.

– Farzandlarimga ibratli ota bo`lolmaganimdan afsusdaman, – deydi J.Komilov – Kech bo`lsa-da, qilgan ishim na qonunga va oddiy odamgarchilikka to`g`ri kelmasligini to`la anglab etdim. Ota-ona, oila qadrini, ozodlikning nechog`li buyuk ne`mat ekanini angladim. Mening juda og`ir jinoyatimni afv etgan Prezidentimizdan, xalqimizdan minnatdorman. Ayni paytda hayotimni yangidan boshlab, yurtimiz ravnaqi yo`lida foydali mehnat qilishimga mahalla faollari, profilaktika inspektori yaqindan yordam bermoqda.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan afv etilgan va jazo muddatini o`tab qaytgan shaxslarning bandligini ta`minlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilab olindi. Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan salomatligidan shikoyat qilgan shaxslar tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Shuningdek, fuqarolik pasportini yo`qotganlarga uni qayta olishga ko`maklashish va boshqa masalalarni tizimli ravishda hal qilish bo`yicha fikr almashildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1