2017 yilning sentyabr oyida Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qatnashish uchun AQShga safar qilganida bir guruh vatandoshlar bilan uchrashgandi. Ularning orasida Askarali Karimov ham bor edi. Askarali Karimov O`zbekiston Prezidentining samimiy munosabati va o`zining kelajak rejalari haqida «Amerika ovozi» teleradiosiga so`zlab berdi, deya xabar qiladi O`zA.
Bir kun kelib Amerikaga borib yashayman, Prezidentimiz bilan u erda uchrashaman deb o`ylamaganman. Uchrashuv lahzalarida juda hayajonda edim. Bilasiz, Prezident bilan uchrashish hammaga ham nasib qilmaydi. Bu uchrashuv hayotimdagi eng esda qolarli voqea bo`ldi.Men ham yig`ilishda qatnashgan vatandoshlarimiz qatori o`z taklif va fikrlarimni bildirdim.Yurtboshimiz menga «Sizga ish bor, samolyotga chiqasiz, pasportini olinglar bugun ketasiz men bilan...» dedilar. O`shanda menda kuchli hayajon boshlandi. Sababi bunday bo`ladi, deb hech o`ylamaganman. Shunda «Shavkat Miromonovich hazillashmayapsizmi..?» dedim. «Men sizning Prezidentingizman, qanday qilib hazillashishim mumkin Sizning hayotingiz bilan... Vatanga qaytinglar, har biringizga nima imkoniyat bo`lsa yaratib beramiz. Vatan kelajagi ravnaqi uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik» dedilar.Men uchun bu uchrashuv hayotimdagi tarixiy burilish bo`ldi.Prezidentimiz bilan samimiy suhbatdan so`ng Vatanimga qaytishga qat`iy ahd qildim. Hozir qaytish taraddudidaman.

Askarali Karimov: Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug`ilgan, 1999-yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini tamomlagan.
Ayni paytda Texas shtatida istiqomat qiladi.
2004 yilda AQShning Indiana shtatidan magistrlik diplomini qo`lga kiritgan.
2016 yilda Texas A&M, Texas Qishloq xo`jaligi va mexanizasiya universitetida texnika fanlari doktori darajasiga erishdi.






