Adliya vazirligi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks va Mehnat kodeksigakiritiladigan tuzatishlar paketini ishlab chiqdi. Qonun loyihasi matni idoraning «Huquqiy axborot» telegram-kanali vositasida tarqatildi.
Birinchidan, MJTKning 223-moddasi 1-qismiga ko`ra pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimani EKIHning ½ qismi darajasida belgilab, bu bilan yuqoriroq jarimalarni qo`llash imkoniyatini istisno etish taklif etilmoqda (hozir jazo miqdori tabaqalashtirilgan – EKIHning ½ qismidan 3 baravarigacha).
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganligi uchun jarima amaldagi EKIHning 5 baravaridan EKIHning 1 baravarigacha pasaytiriladi.
MJTKning 223-moddasi 3, 4-qismlariga ko`ra jarimalar miqdorlarini tegishincha EKIHning 5 va 10 baravarigacha pasaytirish taklif etildi.
Ikkinchidan, 223-modda bo`yicha faqat voyaga etgan, ya`ni huquqbuzarlikni sodir etish paytida 18 yoshga to`lgan shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortiladigan bo`ladi. Hozir mazkur moddaga ko`ra fuqarolarga nisbatan 16 yoshidan boshlab jazo qo`llaniladi, biroq 2018 yilgi Davlat dasturida voyaga etmaganlarni belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilgan.
Uchinchidan, fuqarolarning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashiga yo`l qo`yganlik uchun pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun javobgar bo`lgan shaxslarga nisbatan jazo chorasi qo`llanilmaydi. Xuddi shunday o`zgartirishlar turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashagan fuqarolarga daxl etadi.
Bundan tashqari, ishga qabul qilish chog`ida pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini nazarda tutuvchi MJTKning 2231-moddasi chiqarib tashlanadi. Prezidentning 22.01.2018 yildagi PF-5308-son Farmoni ana shunday tuzatish kiritishni taqozo qildi, bu haqda ilgari norma.uz yozgan edi.
To`rtinchidan, ishga qabul qilish chog`ida ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari qabul qilinadi. Bu, qonun loyihasini ishlab chiquvchilarning nuqtai nazaridan, ishga joylashish chog`ida quyidagi hujjatlarni ham taqdim etish imkonini beradi:
- tug`ilganlik haqida guvohnoma;
- harbiy qism va harbiy muassasalar qo`mondonligi tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki harbiy bilet (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy biletlari bundan mustasno);
- O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi;
- yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi.
Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.