Reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib etish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlariga endilikda 5 ta tashkilot mas`ul etib belgilandi.
O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati ma`lumotiga ko`ra, ushbu tartib O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`lim vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi va O`rta maxsus, kasb-hunar ta`lim markazi tomonidan “Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta`lim muassasalarida sog`lom turmush tarzini targ`ib etish to`g`risida”gi qo`shma qarori asosida belgilangan.
Hujjat bilan joylarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish va birlamchi profilaktika ishlari Qoraqalpog`iston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog`liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha hududiy bo`limlari, hududiy xalq ta`limi boshqarmalari va maktabgacha ta`lim boshqarmalari bilan hamkorlikda bajarilishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu tashkilotlarga aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta`lim muassasalarida sog`lom turmush tarzini targ`ib etish maqsadida har bir mahallada jamoatchilik asosida “Salomatlik maktablari” tashkil etish va ular faoliyatini tizimli olib borish vazifasi yuklatildi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ma`lum qilishicha, inson salomatligining 85-90 foizi hayot tarzi va atrof-muhitga bog`liq. Shundan kelib chiqib, qaror asosida kasalliklarning oldini olish bo`yicha olib boriladigan profilaktika ishlarini nafaqat oilalarda, balki o`quv muassasalari, bog`cha va mahallarlarda ham tashkil etilib, profilaktika qamrovini yanada kengaytirish, aholi o`rtasida o`z salomatligiga bo`lgan mas`uliyatni oshirishga alohida ahamiyat qaratiladi.






