AQShning Florida shtatidagi Parklend shahrida kecha 14 fevral kuni 17 kishi otib o`ldirildi, 50 nafarga yaqin odam yaralandi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Otishma oqibatida kattalar ham, bolalar ham jabrlangan. 12 kishi maktab ichida otib tashlangan. 3 kishi ko`chada, yana 2 kishi kasalxonada halok bo`lgan. Yana 3 nafar odam og`ir ahvolda kasalxonada yotibdi.
Polisiya bergan ma`lumotga ko`ra, mazkur maktabning sobiq o`quvchisi 19 yoshli Nikolas Kruz (Nikolaus Cruz) odamlarni o`qqa tutgan. U o`tgan yili “qoniqarsiz” xulqi tufayli maktabdan chetlashtirilgan. Uni “boshqalar uchun xavf tug`diruvchi o`quvchi” sifatida ko`rishgan. Nikolas yarim avtomat AR-15 vintovkasi bilan qurollanib, maktabga kelgan va yo`lida duch kelgan odamni otib tashlayvergan.
Ko`proq odam o`ldirish maqsadida yong`in trevogasi tugmasini bosgan, sarosimada koridorga yugurib chiqqan o`quvchilarga qarata o`q uzgan. Otishma vaqtida aksariyat o`quvchilar sinf xonalariga berkinib olishgan, ba`zilari esa qochishga harakat qilgan. Voqea joyiga etib kelgan polisiyachilar Nikolas Kruzni tiriklay qo`lga olga olishga muvaffaq bo`ldi. U ayni paytda qamoqda saqlanmoqda.






