AsosiyShou-biznes

“Ichkarida” qahramoni bilan tanishamiz

'“Ichkarida” qahramoni bilan tanishamiz'ning rasmi

“Sevimli Tv” da namoyish etilayotgan “Ichkarida” turk seriali ko`p sonli tomoshabinlarni e`tiborini tortdi, desak adashmaymiz. Bolaligida ayrilgan ikki aka-uka, asli haqiqatni bilmay katta bo`lishi va yillar davomida bir-biriga qasdma-qasd kurashishlari ustiga qurilgan voqealar rivoji unga bo`lgan qiziqishni yanada oshirmoqda. Quyida bosh qahramoni Umutning hayoti va ijodi haqida ma`lumotlarni o`qishingiz mumkin.

Oilasi va sho`x bolalik...

Chagatay Ulusoy —tomoshabinlarga Umut ismi bilan tanish bo`lgan bu aktyor 1990 yil Stanbulda tug`ilgan. Dadasi asli Bolgariyadan, onasi esa Bosniyadandir. Oilada akasi Atalay bilan birgalikda ulg`ayishgan. “Kichikinaligidan sho`x bola bo`lgan. Bir erda tinch o`tirganini ko`rmasdik” deydi aktyorning onasi. Chagatay bolaligidan sportning barcha turi bilan faol shug`ulangan.

Mashhur model...

Maktab tadbirlarida esa Chagatay birinchilardan bo`lib ishtirok etardi. Shuning uchun ham uning o`qituvchilari doim “Chagatay aktyor bo`ladi” degan taxminlar qilishardi. Tashqi ko`rinishi ham kelishgan bo`lajak aktyor o`z faoliyatini san`at va mahorat maktabi hamda modellik biznesidan boshlagan. So`ngra esa rejissyorlarning nazariga tushib, kinoga ham ilk qadamlarini qo`yadi. Chagatay Ulusoy maktabni tamomlagach, Istanbul universitetining Landshaft arxitektura fakultetiga o`qishga kiradi. O`qish davomida parallel aktyorlik mahorati darslariga qatnab, qo`shimcha daromad topish maqsadida modellik faoliyatini ham olib borgan. Shuni alohida aytib o`tish kerakki, aktyor ayni kunlarda reklama olamida ham juda faol. 2010 yil esa “Turkiyaning eng yaxshi erkak modeli” deb e`tirof etilgan.

Kinoga ilk qadam...

2011 yil Chagatay o`zining ilk rolini “Burgut timsolida” filmida ijro etgan. Bosh qahramon obrazini gavdalantirgan aktyor, o`sha zahoti kinotanqidchilarning maqtovlariga sazovor bo`lgandi. So`ngra, shu yilning o`zida “Uni Faxriya, deya nomladim” degan serialda bosh qahramon roliga taklif etilgan. Bu chiqish Chagatay uchun katta muvaffaqiyat va mashhurlik olib kelgan. Keyinchalik “Emir yo`li” seriali bilan ijodiy parvozini yanada yuksaltiradi. “Suvning ko`tarilishi”, “Ichkarida” seriallari esa uni Turkiyaning eng reytingi baland aktyoriga aylantirgan.

    Boshqa yangiliklar