Niderlandiya hukumati Mixail Saakashviliga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishdi, deb xabar berdi lenta.ru nashri.
Bu haqda uning o`zi Facebook sahifasida xabar qoldirdi.
“So`nggivaqtlarda ilk bora shaxsimni tasdiqlovchi, haqiqiy hujjatga ega bo`ldim. Niderlandiyaga kelishim bilan menga yashashim, Evroittifoqda ishlashim uchun zarur bo`lgan shaxsimni tasdiqlovchi hujjatni topshirishdi. Bunga bir necha daqiqa kifoya qildi, xolos”, deb yozdi sobiq Gruziya prezidenti. Shunga qaramay, u Ukraina fuqaroligini qaytarib olish fikridan voz kechmaganligini ham aytib o`tdi.
Saakashvili Amsterdamga 14 fevral kuni keldi. Uni 12 fevral kuni Ukrainadan Polshaga chiqarib yuborishdi. Biroq siyosatchi Polshadan siyosiy boshpana so`ramasligini, oilasi bilan Gollandiyaga ketishini ma`lum qilgan edi.
Fevral oyida Ukraina sudi Saakashviliga qochoq maqomi va siyosiy boshpana berilishini rad etgan edi. U 2017 yilning iyul oyida AQShda ekanligida Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgan edi. Ukraina chegarachilari uni chegaradan o`tkazmasliklari haqida ma`lum qilishgan. Sentyabr oyida Saakashvili Polsha orqali Ukraina hududiga kirib kelgandan keyin Kiev shahar sudi uni chegarani noqonuniy buzganlikda ayblagan.