AsosiyJamiyat

Bugun Ahmadboyga so`nggi so`zini aytish imkoni beriladi

'Bugun Ahmadboyga so`nggi so`zini aytish imkoni beriladi'ning rasmi

Chinozlik “Ahmadboy”... 2015-2016 yillarda uning nomi yurtimizda keng tarqalgan edi. Xalq orasida “Ahmadboy”ning pulni ikki baravar qilib qaytarib berishi haqida xabar yashin tezligida tarqalgach, uning moliyaviy piramidasi o`z atrofiga minglab fuqarolarni ilintirdi... Juda ko`pchilik uning bu beminnat “xizmati”dan foyda olishga umid qilgan edi. Ammo bu umid uzoqqa cho`zilmadi. Negaki 2016 yilning iyul oyi o`rtalarida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik moliyaviy piramida asoschisi Ahmadjon Tursunboev Hamidovichning noqonuniy faoliyati fosh etilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olingan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi chinozlik "Ahmadboy" Tursunboev ishi bo`yicha yakuniy sud majlislarini o`tkazmoqda.

Bugun, 16 fevral kuni sudlanuvchi Ahmadboy va uning sheriklariga so`nggi so`z aytish imkoni beriladi.

19 fevral kuni esa sud hukmi e`lon qilinishi kutilmoqda.

MA`LUMOT UChUN: mazkur holat bo`yicha ilk taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, “Ahmadboy”ning moliyaviy piramidasi fosh etilganda uning uy-joyida o`tkazilgan tintuvda 13 mlrd. so`m va 7,9 mln. dollar naqd pul topilgan. Ahmadboy aholidan hech qanday kafolatsiz eng kamida yillik 100% ustama daromad va`dasi bilan milliy va xorijiy valyutalarda katta miqdorda pul mablag`lari qabul qilgan. Ahmadboy uyidan topilgan daftarlardagi xabarlarga ko`ra, pul berganlar soni 45 mingga yaqinni tashkil etgan. “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboevning fosh etilgan moliyaviy piramidasiga oid jinoiy ishda yana uning yana 5 nafar sherigi aybdor sifatida qo`lga olingan. Ularga nisbatan juda ko`p miqdorda valyuta qimmatliklarini olish, o`tkazish, noqonuniy tadbirkorlik, savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish, faoliyat bilan lisenziyasiz shug`ullanish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlarini qasddan sodir etish kabi ayblovlar bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi. Bu esa Ahmadjon Tursunboevning to`riga tushganlarning jabrdiyda bo`lib qolishiga olib keldi.

    Boshqa yangiliklar