Kecha poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Bog`ko`cha mahallasida yirik yong`in sodir bo`lgan edi, deb xabar bergan edik. Buning oqibatida etti kishi hayotdan ko`z yumdi.
Mahallaning Bog` ko`chasi 22-uyda 1987 yilda tug`ilgan Nuriddin ismli tadbirkor yigit o`z oilasi, ya`ni ayoli va uch nafar voyaga etmagan farzandi bilan birga istiqomat qilgan. Xonadonda 14 fevraldan 15 fevralga o`tar kechasi sodir bo`lgan yong`in oqibatida oila a`zolarining barchasi hamda ularning uyiga mehmonga kelgan yaqin qarindoshlari bo`lgan yana ikki kishi vafot etgan.
O`zbekiston Respublikasi IIV Yong`in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va yong`in sabablarini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan.
Bu mudhish voqeaga guvoh bo`lgan mahalla fuqarolari “101” xizmatiga xabar qilgan. O`zlari ham yong`inni o`chirishga harakat qilgan. Xizmat xodimlari etib kelgach yong`in sakkizta yong`in o`chirish mashinasi yordamida bartaraf etilgan.
Voqea sodir bo`lgan joyga Toshkent shahar hokimi R.Usmonov, Shayxontohur tumani hokimi B.G`oyibnazarov zudlik bilan etib kelgan. Yong`inda halok bo`lgan shaxslarning dafn marosimi mahalla ahli, tuman jamoatchiligi ishtirokida uyushqoqlik bilan o`tkazilgan. Hozirda marhumlarning yaqinlariga zarur yordam ko`rsatish, yong`in oqibatlarini bartaraf etish choralari ko`rilmoqda.