2018 yilning yanvar oyida O`zbekistonda 1 trillion 966 milliard so`mlik qurilish-montaj ishlari bajarilib, o`sish sur`ati o`tgan yilning shu davriga nisbatan 6,1 foizga kamaydi. Davlat statistika qo`mitasi hisobotidagi ko`rsatkichlar shundan guvohlik bermoqda.
Navoiy viloyatida "Amudaryo-Zarafshon" suv quvuri uchinchi liniyasi nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, "Ko`kpatas" va "Daugiztau" konlarini qazib olish texnologiyasini takomillashtirish evaziga respublika bo`yicha qurilish hajmining eng yuqori darajasi mazkur viloyatda qayd etilgan bo`lsa, keyingi o`rinni ko`prik va metro liniyalari, temir yo`l xalqasi bunyod etilishi, Toshkent pedagogika institutining rekonstruksiya qilinishi hisobidan Toshkent shahri hissasiga to`g`ri keldi.
Qurilish ishlari 2018 yilning dastlabki oyida, shuningdek, Namangan viloyatida ham yuqori o`sish sur`atlari qayd etilgan. Bunga asosan Chust va Uychi tumanlarida ko`prik qurilishi, Norin daryosi hududida avtomobil yo`llarini kapital ta`mirlash va ko`prik qurilishi evaziga erishilgan.
Shu bilan birga, o`tgan yilning mos davriga nisbatan qurilish ishlari hajmining kamayishi Buxoro viloyatida (95,3%, yoki 170,1 mlrd.so`m), Xorazm viloyatida (96,1% foiz yoki 82,0 mlrd.so`m) qayd etildi.
Respublikada amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmidagi ulushi bo`yicha eng past ko`rsatkichlar Sirdaryo (1,9 foiz), Jizzax (4,2 foiz) va Xorazm (4,2 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.






