2018 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlarini hisoblash tartibiga qator o`zgartirishlar kiritildi va bu holat aholi o`rtasida har xil tushunmovchiliklarga sabab bo`lmoqda. Shu va soliq tizimida amalga oshirilayotgan boshqa o`zgarishlarga oydinlik kiritish maqsadida O`zA muxbiri Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Shuhrat RAJABOV bilan suhbatlashdi.
– 2018 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlarini hisoblash tartibiga qanday o`zgartirishlar kiritildi?
– Joriy yildan jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlarini hisoblash tartibiga qator o`zgartirishlar kiritildi. Bu borada aholida juda ko`p savollar paydo bo`lmoqda. Shu vaqtgacha ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi organ, ya`ni kadastr idoralari tomonidan belgilanadigan soliq solish ob`ektlarining inventarizasiya qiymati to`lovchilar uchun soliq solinadigan baza hisoblangan. Endilikda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning inventar qiymatidan emas, kadastr qiymatidan hisoblanishi joriy etilib, soliqning asosiy stavkasi 0,2 foiz qilib belgilandi (o`tgan yili 1,7 foiz edi) va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so`mdan kam bo`lmasligi belgilab qo`yildi.
– Agar kadastr qiymati mavjud bo`lmasa-chi?
– Mol-mulkning kadastr qiymati mavjud bo`lmaganda, soliq shartli qiymatda hisoblanishi belgilangan. Joriy yildan Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazidagi uy uchun 210 million so`m, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90 million so`m miqdorida hisoblanishi o`rnatildi.
Shu bilan birga, soliq yuki 2018 yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017 yildagi soliq summasiga nisbatan 20 foizdan ko`p bo`lmasligi belgilandi. Misol uchun, Qarshi tumanida joylashgan hovli-uyning kadastr qiymati 321,2 million so`mni tashkil etib, 2018 yil uchun 429,1 ming so`m mol-mulk solig`i hisoblanishi lozim edi, lekin 2017 yilda ushbu mulk uchun hisoblangan soliq summasi 134,4 ming so`m bo`lgani uchun 20 foizdan ko`p bo`lmasligi belgilangani inobatga olinib, 2018 yil uchun soliq 161,3 ming so`m hisoblanadi.
– Bunday o`zgarishlardan kelib chiqib qanday me`yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan?
– Hukumatning 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo`lgan ko`chmas mulk ob`ektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo`lgan ko`chmas mulk ob`ektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to`g`risidagi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan ko`chmas mulk ob`ektlarining kadastr qiymati umumiy foydali maydonning bir kvadrat metri, hududiy tuzatish va eskirish koeffisientlari asosida hisoblab chiqiladi. Bu o`zgarishlarning barchasi jismoniy shaxslar egaligidagi mol-mulkni kadastr idoralarida ro`yxatga olish orqali soliqlarni hisoblashga xizmat qiladi.
– Xonadonlarga tegishli tomorqadan samarali foydalanilmayotgan holatlar aniqlansa, soliqlar ortar ekan. Shu gap rostmi?
– Muhim yangiliklardan biri tomorqa er uchastkalaridan samarali foydalanmayotgan jismoniy shaxslar aniqlangan taqdirda, ulardan ushbu er uchastkalari uchun er solig`i 3 barobar miqdordagi stavkada undiriladi. Buning uchun mahalla faollari bilan xonadonma-xonadon yurilib, tomorqa er uchastkasiga ega bo`lgan xonadonlar o`rganiladi hamda ekin ekilmagan holat bo`yicha har bir er uchastkasi egasiga soliqni 3 barobar stavkada to`lash lozimligi tushuntiriladi va yozma to`lov-xabarnoma beriladi.
– Viloyat aholisi o`z majburiyatlarini to`liq ado etib, soliqlarni o`z vaqtida to`layaptimi?
– Dolzarb masalani ko`tardingiz. Bugun viloyatimizda 483 mingdan ortiq soliq to`lovchi jismoniy shaxs mavjud. Ularning aksariyati o`z majburiyatini muddatida bajarmoqda. Biroq ayrim soliq to`lovchilar majburiyatini muddatida bajarmagani uchun 17 milliard so`m qarzdorlik sud orqali undirilayotir. Bu borada majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Fursatdan foydalanib, har bir jismoniy shaxs, er va mol-mulk egasidan yuqoridagi kabi noqulayliklarga duch kelmasligi uchun soliqlarni o`z vaqtida to`lashini so`raymiz.






