AsosiyJamiyat

“Xiva xonligi kanselyariyasi” YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro`yxatiga kiritildi

'“Xiva xonligi kanselyariyasi” YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro`yxatiga kiritildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlardan biri — “Xiva xonligi kanselyariyasi” YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro`yxatiga kiritildi. Bu haqda “O`zarxiv” agentligining rasmiy veb-saytida xabar berildi.

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi o`zining qadimiy, boy va asl tarixiy hujjatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari arxivlari orasida etakchi o`rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, arxivda saqlanayotgan “Xiva xonligi kanselyariyasi”, “Buxoro Amirligi Qushbegisi”, “Qo`qon xonligi” kabi fondlar uzoq o`tmishni xolis o`rganish va tadqiq etishda muhim hamda qimmatli manba hisoblanadi.

“Xiva xonligi arxiv hujjatlari” fondi hujjatlarining asliyligi va xalqaro ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda, mazkur fondni to`laligicha YuNESKO ro`yxatiga kiritish bo`yicha ish olib borildi. Tegishli materiallar tayyorlanib, o`zbek, rus va ingliz tillarida annotasiyalar bilan YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi xalqaro ro`yxatiga kiritish uchun taqdim etildi.

Shu masala yuzasidan Parij shahrida bo`lib o`tgan majlisda nomzodnomalar ko`rib chiqildi. Unda butun dunyo mamlakatlaridan 78 ta nomzodnoma mazkur ro`yxatga kiritilishi uchun tavsiya etilgan edi. “Xiva xonligi kanselyariyasi” nomzodnomasi YuNESKO dasturi bo`yicha xalqaro qo`mita majlisida uchinchi bo`lib e`tirof etilib, xalqaro miqyosdagi sertifikat bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar