Avstraliyada 19 yoshli Joshua Xayden (Joshua Hayden) kenguru ovlashga jazm qildi, biroq o`zi kenguruning hujumiga uchradi, deb xabar qildi lenta.ru nashri.
Voqea Avstraliyaning g`arbiy qismidagi Kellerberrin shahrida ro`y berdi. Joshua akasi bilan birga tungi ovga yo`l oldi. Yigit yurib ketayotgan avtomobilning oynasidan bosh chiqarib, ko`zga tashlangan uchta kenguruni nishonga oldi. Buni ko`rgan kengurular qarshi hujumga o`tishdi.
Joshua o`q uzishga ulgurmasdan, kengurulardan biri unga kuchli zarba berdi. Joshuaning aytishicha, u 30 soniya davomida hushini yo`qotgan va akam urdi, deb o`ylagan. Aslida kenguru old oynaga sakrab, yigitning jag`iga tepgan.
Shifokorlar Joshuaning jag`i singanligini aniqlashdi. Operasiyani bir hafta kutishga to`g`ri keldi, chunki yigitning yuzi juda shishib ketgan edi.