Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Azizxon Po`latovich Qayumov 92 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston hukumati marhumning oilasi, yaqinlari va qarindoshlariga hamdardligini bildirib, ta`ziya izhor qildi. Ta`ziyanoma matni O`zAda e`lon qilindi.
«A.Qayumov 1926 yili Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida ziyoli oilasida tug`ildi. 1949 yilda O`rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.
Bo`lg`usi olim o`z mehnat faoliyatini 1949 yili O`zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida boshladi. 1954 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1995 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.
A.Qayumov uzoq yillar O`zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori, O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti bo`lim mudiri, Madaniyat vaziri, Davlat kinematografiya komiteti raisi, Toshkent davlat madaniyat instituti rektori, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Qo`lyozmalar instituti direktori kabi mas`uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qildi. 1995-2000 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat olib bordi.
1998 yildan hayotining oxirgi kunlarigacha Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining etakchi ilmiy xodimi vazifasida sidqidildan mehnat qildi.
XX asr o`zbek adabiyotshunosligining ulug` namoyandasi Azizxon Qayumov yuksak intellektual salohiyat sohibi, atoqli olim, zahmatkash va tolmas tadqiqotchi sifatida Alisher Navoiy va mumtoz adabiyotimizning boshqa vakillari asarlarini puxta o`rganib, bu ulkan adabiy merosni xalqimizga etkazishda haqiqiy fidoyilik va ma`naviy jasorat ko`rsatdi.
Ustoz adabiyotshunosning o`zbek adabiyoti tarixini o`rganish bo`yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari, o`n jildlik «Tanlangan asarlar» to`plami, shuningdek, «Navoiyga ta`zim», «Alisher Navoiy», «Dilkusho takrorlar — ruhafzo ash`orlar», «Ahmad Farg`oniy» kabi ko`plab sermazmun asarlari kitobxonlarning ma`naviy mulkiga aylandi.
Yorqin iste`dod va tafakkur egasi bo`lgan akademik olim o`z faoliyati mobaynida ko`plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.
Azizxon Qayumov umrining oxiriga qadar yurtimiz ijtimoiy-ma`naviy hayotida faol ishtirok etdi. U o`zining teran aql-zakovati, betakror iste`dodi, mehnatsevarligi, bag`rikenglik va mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlari bilan adabiyot va san`at muxlislari, yoshlar orasida, butun xalqimiz o`rtasida katta hurmat-e`tibor qozongan edi.
Akademik A.Qayumovning mamlakatimiz ilm-fani, adabiyot va san`atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni, «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Azizxon Qayumovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo`ldoshev, M.Ahmedov, B.Nazarov»






