Hukumatning 2018 yil 17 fevraldagi qarori bilan O`zbekistonda tuzilgan rasmiy hujjatlarga maxsus shtamp – “Apostille” qo`yilganligi uchun to`lov miqdori 10 baravarga kamaytirildi, ya`ni 172 240 so`mdan 17 224 so`mga tushirildi.
Ma`lumki, har yili 30 mingdan ortiq fuqarolarimiz ishlash, o`qish, oila qurish va boshqa shu kabi masalalarda bizning davlat tashkilotlarimiz tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarni xorijdagi rasmiy idoralarga topshiradi. Ushbu hujjatlarni xorijda tan olinishining asosiy usullaridan biri sifatida ularga maxsus shtam – “Apostille” qo`yilgan bo`lishi shart.
So`ngi vaqtlarda “Apostille” uchun to`lov miqdorining yuqoriligi haqida ko`plab fuqarolarimizdan e`tirozlar bildirilayotgan edi.
Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu to`lov miqdorini kamaytirish yuzasidan taklif ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi.
Hukumat tomonidan ushbu taklif qo`llab-quvvatlanib, ko`pchilik fuqarolarning talab va istaklari qondirildi.
Ma`lumot o`rnida, rasmiy hujjatlarga maxsus shtam – “Apostille” qo`yish vakolatiga ega bo`lgan 4 ta tashkilot – bular:
✅ sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo`yicha – Adliya vazirligi;
✅ prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo`yicha – Bosh prokuraturasi;
✅ ta`lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo`yicha –Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;
✅boshqa har qanday rasmiy hujjatlar bo`yicha – Tashqi ishlar vazirligi.






