1

Ijtimoiy tarmoqlarda turk seriallari keskin qoralanmoqda

Jamiyat 19.02.2018, 15:34
Ijtimoiy tarmoqlarda turk seriallari keskin qoralanmoqda

Siz nima deysiz?

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat va xususiy telekanallar orqali namoyish etilayotgan xorij, xususan turk seriallari qizg`in muhokama qilinmoqda. Ularning milliy mentalitetimizga zidligi, ma`naviyatimizga, oilaviy qadriyatlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani keskin qoralanmoqda.


“Facebook” o`zbek sigmenti foydalanuvchilari

Ziyovuddin Rahim:


— Shahvatparastlikka moyil qiluvchi, oilalar tinchligini buzadigan, imonga, odob-axloqqa rahna soladigan” bunday seriallarni namoyish qilishni millatga nisbatan xiyonat deb baholaydi. Uning bu fikrlari tarmoqda qizg`in bahs-munozaralarga sabab bo`lmoqda.

Xato qilgan bo`lsam, aybimni tan olib, uzr so`rash menga qiyin emas. Biroq, seriallar borasida o`zimni haq deb bilaman. To`g`ri, azbaroyi millat ma`naviyatini oyoq osti qilayotgan, yoshlarni buzayotgan, jamiyatimiz tinchligiga zimdan tahdid solayotgan seriallarni yomon ko`rganimdan iboralarni keskin ifodalaganim rost. Bunga iqrorman. Lekin, biz masalaning mohiyatiga qaraylik, azizlar!

Zarif Sultoniy:


Bu seriallarni bizga xorijliklar tiqishtirayotgani yo`q! O`zimizdan chiqqan ba`zi "madaniyat" tujjorlari bilib turib, qastdan shunday sarqitlarni xalqimizga edirmoqchi bo`lishyapti. Bundan ko`zlangan ikkita maqsadlari bor: birinchidan, kanallarining reytingini oshirib, cho`ntaklarini qappaytirish, ikkinchidan, shusiz ham ma`naviy inqirozga yuz tutgan va uzoq yillar mudroq bosib yotgan millatimizni alla aytib yana uxlatish.

Shaxnoza Tadjibaeva:

— Qozonda bori cho`michga chiqadi. Serilallar ayollarning, yoshlarning tarbiyasiga, ongiga salbiy ta`sir qilayotgan bo`lsa, unda ularning elkasidagi kalla emas, bo`mbo`sh oshqovoq ekanda. Oilamizda seriallar umuman ko`rilmaydi. Qarshiligimdan emas, bunga vaqt yo`qligidan ko`rilmaydi.

Televizorda berilayotgan ko`rsatuv sizga yoqmaydimi, ko`rmang. Dardmandlar bor o`sha kinolar bilan chalg`iydi. Ishdan kelganda bir oz kino ko`rsa, ko`ribdi. Holid Husayning " Ming quyosh shu`lasi" romanida tolibonlar telvizorni “shayton uyasi” deb pachoqlab, ko`rganlarni darralab urishadi. Nima biz ham shunday yo`l tutishimiz kerakmi?

Qarshimisiz – ko`rmang. Bolalaringizga ham ko`rsatmang. Bozorga borsangiz sotuvchi oling deb majburlagan narsani emas, o`zizga keraklisini olasizku. Telvidinie ham huddi bozorga o`xshaydi. Tanlash imkoniyati bor! Nimani tanlash o`zingizga, didingizga bog`liq.

O`ylab qarasam, nafaqat turk kinosi (seriallari), balki turk adabiyotini ham yaxshi bilmas ekanman. Bilganim Yunus Emroning ikki-uchta she`ri, Aziz Nesinning besh-oltita hajviyasi, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” va “O`gay ona” romanlari – shu. Ha, Ahmad Unal Chamning kichik hikoyalarini ham o`qiganman. Biroq turklarning katta adabiyoti, katta yozuvchilari bor. Nobel mukofoti sohibi O`rxon Pomuk ulardan biri. Uning “Qora kitob”, “Qor”, “Istambul - xotiralar shahri” singari asarlari haqida eshitganman. Ammo o`qimaganman. Chunki uning birorta ham kitobi o`zbek tiliga tarjima qilinmagan. Shunday yozuvchini bilmasam, tanimasam uyat bo`lar, degan xayolda Sankt-Peterburgning “Azbuka” nashriyotida chop etilgan “Muzey nevinnosti” (“Masumiyet muzesi”) kitobini sotib odim.

Kitobda 1975 yildagi Istanbul shahri hayoti qalamga olingan. Voqealar asarning bosh qahramoni, o`ttiz yoshli Kamolbey tilidan hikoya qilinadi. Kamol tez kunda Sibel ismli go`zal qizga uylanishi kerak. Uning o`zi aytganidek, “Istambul aslzodalari ularni ajoyib juftlik”, deb hisoblaydi. Ammo u “Shanzelize” do`konida sotuvchi bo`lib ishlaydigan “yaqindagina o`n sakkiz yoshga to`lgan, uzoq qarindoshi” Fusunni yoqtirib qoladi. Fusun ilk uchrashuvdayoq o`z iffatini Kamolga tuhfa qiladi.

Yozuvchi o`z qahramonlari timsolida zamonaviy qizlarning iffat bobidagi qarashlarini tahlil qiladi. Nikohsiz, to`ysiz sevgan insoniga iffatini baxshida etgan qizlarning bu qarorini jasorat deb baholaydi.

O`quvchi evropaliklarga ko`r-ko`rona taqlid qilib yashaydigan Istambul aslzodalari, yoshlarining hayotini kuzatar ekan, fahsh, xiyonat, mol-dunyoga o`chlik, ichkilikbozlik ularning kundalik hayotiga aylanib, imon-e`tiqod masalalari yuzakilashib qolganiga guvoh bo`ladi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keskin qoralanayotgan turk seriallaridagi ma`naviy bo`shliqning ildizi shu kabi asarlarda emasmikan, deb o`ylanib qoldim.

“Men seni sevaman, Mariya Lopes!”

Ijtimoiy so`rovlarga ko`ra, 70 foizdan ziyodroq aholimiz teleseriallarni ko`rar ekan. Tomoshabinlar auditoriyasining asosiy qismi xotin-qizlar, qariyalar va uy bekalaridan iborat. Xo`sh, qolgan 30 foiz aholichi, deylik erkaklar, yoshlar? Ular ham ko`rishadi. Biroq buni tan olmaslikka harakat qilishadi. Masalan, “Qashqirlar makoni”, “Muhtasham yuz yil”, “Ko`sem”, “Ichkarida” teleseriallari ixlosmandlarining katta qismini erkaklar tashkil etadi va ular orasida ziyolilar ham anchagina.

Psixologlar teleseriallarga mukkasidan ketish sababini odamlarning shaxsiy muammolardan chalg`ish, ruhiy taskin olish, hayotga muhabbat hissini kuchaytirish istagi bilan asoslaydilar.

Seriallar bizning teleekranlarimizda 1988-1990 yillarda paydo bo`lgan edi. “Izaura”, “Oddiy Mariya”, “Boylar ham yig`laydi” singari Braziliya va Meksika seriallari tomoshabinlar qalbini butunlay zabt etgan, ular hayotining muhim bir bo`lagiga aylangan edi o`shanda.

Teleseriallarni ishlab chiqarish bo`yicha dunyoda etakchi o`rinda turadigan Braziliya olimlarining ta`kidlashicha, seriallar demografik vaziyatning yomonlashuviga, oilaviy ajralishlar sonining ko`payishiga sabab bo`lishi mumkin ekan. Masalan, ommalashgan qaysidir teleserial qahramoni o`z eri bilan ajrashsa, aholi o`rtasida ham ajrashishlar soni ko`payar ekan.

Olimlar teleseriallar orqali aholini tarbiyalash, jamiyatni ichkilikbozlik, fahsh, narkomaniya, xiyonat singari illatlardan tozalash mumkin, deb hisoblaydi. Ma`lumotlarga ko`ra, “Oddiy Mariya” teleseriali yuzdan ziyod mamlakatda translyasiya qilingan. Film bosh qahramoni tikishni o`rganib, o`z biznesini yo`lga qo`ygach, tikish mashinkalari sotib olgan, tikuvchilik kurslariga qatnagan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagini bildirgan ayollar soni dunyo miqyosida keskin oshgan ekan.

Bu fikrlarda jon borligi rost. Chunki o`sha paytlari ajabtovur bir shoir akamiz ham “Men seni sevaman, Mariya Lopes!” deya hayqirib she`r yozgan, bu she`r matbuotda e`lon qilingan edi.

Xullas, yuqorida aytganimdek, teleseriallar atrofida qo`zg`algan bahs-munozaralar kundan-kunga keskinlashmoqda. Shuni inobatga olib, bir guruh ziyolilarimiz, aynan ma`naviyat sohasiga daxildor bo`lgan mutaxassislar, psixologlar va bevosita telekanallar mutasaddilarining bu boradagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Soxta “san`at”ning asiriga aylanmaylik

Jabbor Eshonqul, adabiyotshunos:

— Global jamiyatda olomon madaniyatini targ`ib qilishning eng maqbul yo`li san`at bo`lib qolmoqda. Soxta “san`at”ga bugun mayl ko`rsatsak, ertaga mahliyo bo`la boshlaymiz, keyin esa uning asriga aylanamiz.

Biz qancha kitobxonlik haqida, ulug` ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosi haqida gapirmaylik, millionlab tomoshabinlarga ochiqdan ochiq fahshni, xinyonatni, zulm va zo`ravonlikni targ`ib etish imkoniyatlari mavjud ekan, bizning sayi harakatlarimiz hech qanday samara bermaydi.

Mamlakat chegaralari qanday muhofazaga muhtoj bo`lsa, millatning estetik didi, saviyasi, ma`naviyat hududlari ham xuddi shunday muhofazaga muhtojdir. Yana ham aniqroq aytadigan bo`lsak, mamlakat chegaralari millatning ongu tafakkuri, ma`naviyatidan boshlanadi. Chegarani buzganlarga qanday qonuniy jazo ko`rilsa, millatning didi, saviyasi, ma`naviyatiga talofat etkazuvchilarga undan og`irroq jazo belgilanishi shart.

Ulug`bek Hamdam, yozuvchi:

— O`tgan asrning 90-yillaridan keyin teleseriallar dunyo bo`ylab urf bo`la boshladi. Eslayman, mening o`zim ham bir necha Meksika seriallarini ketini uzmay ko`rgandim. Lekin ulg`aya borib, bunday seriallarning insonga foydasidan ko`ra ko`proq zarari borligini fahmlay boshladim.Bu narsa nimalarda ko`rindi? Nazarimda, avvalo, seriallardagi voqealarning chuchmalligi va haddan tashqari cho`zilib ketganligi oqibatida ulardan olinadigan badiiy-estetik zavqqa putur etganida.

Keyinroq seriallar haqida bir qancha jahon rejissyorlarining fikrlarini o`qib qoldim: ularning e`tirof etishicha, seriallar teletomoshabinni band qilish uchun ishlab chiqilar ekan. Tovar sifatida. O`ylay-o`ylay, axiyri, shunday xulosalarga kela boshladim: to`g`ri-da, jahon miqyosida olganda ham yashash sharoiti tobora yaxshilanib, odam degani ko`payib boryapti. Aslida, yashash sharoitining yaxshilanishi, medisina xizmatining yo`lga qo`yilishi natijasida o`rtacha umr ko`rish darajasi o`sdi, o`lim kamaydi, tug`ilish esa ortdi. Hozirda er sharida qariyb 7.5 milliard aholi istiqomat qilmoqda. Boshqa tomondan urbanizasiya darajasi ko`tarilib boryapti. Aholining katta bir qismi esa nafaqada - uyda, yana bir qismi ishsiz - uyda, yana bir qismi smenadan kelgan – uyda, yana bir qismi kasal - uyda, yana bir qismi esa bolalar - uyda... Tap-tayyor auditoriya degani bu! Demak, uydagi odamlarning bo`sh vaqtlari bor, ularni nima bilandir band qilish kerak. Natijada kimlarningdir g`oyalari bilan ssenaristu rejissyorlar eng shimarib ishga kirishib ketadi: 100, 200, 300, 400 va hatto 500 qismli seriallar ishlab chiqarilib, iste`molga taqdim qilinadi. Bu yoqda och tomoshabinlar armiyasi ham ularni yamlamay yutadi. Yutmasa bo`lmaydimi? Yo`q! Sababi - tomoshabinning hayot tarzi, saviyasi shu seriallarni qabul qiladigan darajada. Bu haqda ham o`ylangan.

Bu bilan men hamma seriallar birdek sifatsiz demoqchi emasman. Aslo! Yaxshilari bor. Hamisha yaxshi seriallar ishlasa bo`ladi. Faqat buning uchun shu ishga bosh-qosh bo`layotganlarning professionallik saviyalaridan tashqari, odamlar hayotini yaxshi bilishi, katta bilimga ega bo`lishi va albatta, u ezgu niyatli bo`lishi kerak. Bunday seriallar tomoshabinni avvalgi holidan ozgina bo`lsin yaxshiroq bo`lishga undashi, yoshlarni esa chinakam inson o`laroq shakllanishida ko`maklashishi lozim.

Maqsud Jonixonov, jurnalist:

— Xorij, ayniqsa, zamonaviy turk seriallaridagi tasvirlarni ko`rib, odam uyalib ketadi ba`zan. Masalan, “Sevgi iztirobi”ning bir-ikki qismini kuzatib, hayratda qoldim. Qiz aka-ukasi, ota-ona davrasida bemalol ochiq-sochiq o`tiradi. Hayotidagi muammolarini ikir-chikirigacha aytadi.

Oilaga xiyonat - bu serialning asosiy mavzusi. Film qahramoni eri bo`la turib, bemalol uning ko`z oldida boshqa bilan xilvatlarda yurishi, ko`ngliga siqqanini amalga oshirishi, bir ishning tayini yo`q, ammo hashamat ichida yashashi bizning yoshlarimizga qanday ta`sir qilayapti ekan? Shundan bo`lsa kerak, bugun maktab, kollej, lisey o`quvchilari o`rtasida qiz talashishlar ortidan pichoqlashishlar kelib chiqmoqda, bir kishini guruh-guruh bo`lib do`pposlash avj olayapti.

Ekranga olib chiqilayotgan har bitta tasvirda tarbiya va ibrat bo`lmas ekan, u buzg`unchilikka xizmat qilaveradi.

Mana shu seriallarning o`rniga bir paytlar o`zimizda ishlangan “Girdob”, “Ichkuyov”, “Abadiyat qonuni” kabi mashhur videofilmlarni bersa bo`lmasmikan, deb o`ylab qolaman.

Muhayyo Yo`ldosheva, filolog:

— Seriallar muntazam, bir necha oy davomida bir vaqtda qo`yib borilgani uchun insonni boshqara olish, o`ziga ergashtirish, dunyoqarashni o`zgartirish imkoniga ega. Har bir serial televidenie xodimlari tomonidan juda ehtiyot bo`lib, ming chig`iriqdan o`tkazilib tanlanishi shart!

Afsuski, yaqin o`n yildan beri bu oltin qoida unutildi. Telekanallarimizni Lotin Amerikasi, Janubiy Korey, Hindiston, Pokiston, Turkiya seriallari egallab oldi.

Men turk seriallariga to`xtalmoqchiman. Nega? Chunki bu millat bizga ham tili, ham dini jihatdan yaqin - qardosh hisoblanadi. Biz Braziliya yoki Meksika seriallaridagi udumlarga ergashmaymiz. Ammo ildizimiz bir bo`lgan turklar ishlagan seriallar haqida bunday engil gapira olmayman. “Zerda”, “Kelin”, “Ishkomli uy”, “Xinoli qor”, “Osiyo”, “Istanbullik kelin”, “Sevgi iztirobi”... Bu ro`yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, mana shu seriallar sevgi deb ota-onasi yuziga oyoq bosadigan qizlar avlodini, bu yo`lda oridanda kechadigan yigitlar safini shakllantirib bo`ldi. Seriallar nimaga o`rgatyapti – sevdingmi, sevging uchun har qanday usul bilan bo`lmasin kurash, bu mumkin, bu uyat, nomus, zino emas, demoqda!

Insonlar serial ko`rishdan bo`shagan paytlarida yashamoqda

Hulkar Abdullaeva, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi bosh mutaxassisi:

— “Kara sevda” (Sevgi iztirobi) asl mohiyatan ikki kishining bir biriga bo`lgan samimiy va yuksak tuyg`ularini ifodalashga qaratilganday... Ammo filmda sevgi uchun kurash niqobi ostida xiyonat turli xil ko`rinishda namoyon bo`ladi. Aka ukaga, singil akaga, er xotinga, xotin erga, ota-onalarning farzandlariga xiyonati.. . Bu har qanday millatning, har qanday dinning tanazzuli emasmi? Aynan shu filmni har kuni oz ozdan bitta g`oyani singdirib borishi farzandlar tarbiyasini buzmasligiga kafolat bormi? Yo`q. Ammo haqiqat shundaki, biz bu serialni berilib tomosha qilyapmiz.

Seriallarni sotib olayotgan mutasaddilar avval ularni ko`rib, mazmunini baholab, saviyasini tekshirib keyin shartnoma tuzmaydimi?

Zebiniso Ahmedova, psixolog:

— Avvallari bo`sh vaqt bo`lsagina televizor ko`rilardi. Hozir esa ertalabdan to kechgacha televizor o`chmaydigan oilalar bor! Seriallar yaratilganidan beri insonlar serialdan qolgan bo`sh vaqtlarida yashay boshladilar.

Televizorni ko`p tomosha qilish miyaning fikrlash qobiliyati yo`qolishiga sabab bo`ladi. Kerak va keraksiz axborotlarni tahlil qilmasdan qabul qilaverish insonni ongsiz “o`simlik”ka aylantiradi. Ehtimol, shu sabab, uzoq vaqt televizor ko`rgandan keyin charchoq, kuchsizlik his qilinadi.

Sizga kerak va kerak bo`lmagan axborotlarni hazm qilar ekansiz, miyangiz o`z fikrlaringizni emas, o`sha axborotlarni tahlil qiladi. Bundan ko`ra, o`z hayotingiz tahlili muhimroq emasmi?

Kimga otilgan tosh kimga tegyapti?

Abdulxay Otaxo`jaev, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Kinoteatr” telekanali bosh muharriri:

So`nggi yillarda ishlanayotgan turk seriallari turkiyalik tomoshabinlarning o`zlarini ham qoniqtirmayapti. Kino – ijod mahsuli. Unda bo`rttirib, oshirib ko`rsatish holatlari bo`lishi tabiiy. Turkiya Evropaga yaqin davlat. Tabiiyki, bu seriallarda ham seziladi. Ammo Turkiyada yashayotgan odamlarning hayoti kinodagidek emas.

Inson kino ko`rganida o`sha mamlakat haqida unda tasavvur paydo bo`ladi. Rang-barang seriallarni namoyish etish yaxshi albatta. Chunki ularni ko`rib, yashash tarzimizda, madaniyatimiz, ma`naviyatimizda farq borligini his qilamiz.

Ayni kunlarda bizning kanalimiz orqali “Jasur va Go`zal” serialini namoyish qilish boshlandi. Iloji boricha ixchamlashtirib, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta`sir qilmaydigan jihatlarini berishga harakat qilyapmiz. Ammo ba`zida xususiy kanallarga otilayotgan tosh bizlarga ham kelib tegayotgani odamni ranjitadi.

Navro`za Biynazarova, “ZO`R-TV” telekanali bosh muharriri:

— Ayni kunlarda bizni telekanalimiz orqali “Sevgi iztirobi” nomli turk seriali namoyish etilmoqda. Ushbu serial syujeti juda ham qiziq bo`lganligi bois tomoshabinlar mehrini qozondi. Serial bizgacha Rossiya, Qozog`iston singari mamlakatlarda namoyish etilgan, to`liq varianti internet tarmog`iga ham joylashtirilgan.

Bu filmni “Romeo va Juletta”ga o`xshash tomonlari bor. Ya`ni, ikki yoshning sevgisini deb, ikkita oiladagi insonlar taqdiri vayron bo`ladi. To`g`ri, sevgi yoqimli tuyg`u, har bir inson sevgan kishisiga etishishni istaydi. Bu serialni namoyish etishdan maqsadimiz, muxlislarga hayotda sevgidan ham kuchli tuyg`ular, qadriyatlar borligini anglatishdan iborat.

Mana, fikr-mulohazalarni o`qidingiz. Bu haqda sizning ham o`z xulosalaringiz borligi aniq. Xo`sh, siz nima deysiz?

Vohid Luqmon, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1