Namangan viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati bo`yicha o`tkazilgan o`rganishlar natijasida viloyatning Kosonsoy tumanida o`z vazifasiga yuzaki yondashib, bugunning talabi va aholi ehtiyojlarini his qilmay ishlayotgan tibbiyot xodimlari ham borligi ma`lum bo`ldi.
Shu munosabat bilan, Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i B.Xoldorov va boshliq o`rinbosari R.Abdullaev, tuman ko`p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri M.Karimovalar davlatimiz rahbari va hukumatning, shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligining me`yoriy hujjatlari ijrosini etarli darajada amalga oshirmagani, jumladan, aholining tibbiy xizmatga muhtoj qatlamini qamrab olish ishlarini talab darajasida tashkil etmaganligi bois o`z egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligining axborot xizmati xabar qildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o`tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun ma`suliyatni oshirishga doir qo`shmcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o`z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni etarli darajada amalga oshirmagani, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o`tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun ma`suliyatni oshirishga qaratilgan topshiriqlar ijrosini tizimli tashkil etmagani va patronaj tadbirlariga talab darajasida e`tibor qaratmagani uchun Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining mas`ul xodimi M.Toshmatov va tuman ko`p tarmoqli markaziy poliklinika mas`ul xodimi A.Abdullaevlar vazifasidan ozod etildi.
Namangan viloyatdagi davolash muassasasi rahbarlariga ishni aholi ehtiyoji va talabidan kelib chiqib tashkil etish, bunda har bir xonadon va uning a`zosi e`tiborda bo`lishi lozimligi, xalq bilan doimiy muloqot qilib, uning roziligi va aholi manfaatlari yo`lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, birlamchi tibbiy xizmatga bo`lgan ehtiyojni sifatli va samarali qondirish kabi muhim vazifalar tushuntirildi.






