1

Yosh kitobxonga Prezident sovg`asi topshirildi

Jamiyat 20.02.2018, 09:45
Yosh kitobxonga Prezident sovg`asi topshirildi

Eng yaqin do`stim – kitob bilan zerikish nimaligini bilmayman. Badiiy asarlar o`qish jonu dilim. Bo`sh vaqtim bo`lishi bilan qo`limga kitob olaman. Bu qalbimga, ruhimga sokinlik beradi. Bu jarayonni tasvirlab berish qiyin. Adabiyot, tarixni yaxshi ko`raman. She`riyatga oshuftaman.

Allomalarimiz asarlari bitmas-tuganmas xazina, boylik. O`qiganim sari tashna bo`laveraman. Mutolaa qilarkanman asar meni o`ziga asir etadi. Boshqa ish haqida o`ylamayman. Asar qahramoniga aylanaman, go`yo. O`qib bo`lgach, o`zim bilan o`zim muhokamaga kirishaman. “Kim nima qilishi kerak edi, balki voqeaga boshqacharoq yondashsa bo`lardi yoki uning echimini o`zgartirsa bo`larmidi”, deb.

O`qigan asarlarim qahramonlari, voqealarini qisqacha qilib yozib boraman. Uni o`qishim bilan kitobni qayta o`qigandek bo`laman.

O`zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida o`tkazilgan “Yosh kitobxon” ko`rik-tanlovi e`lon qilingach, unda ishtirok etishni maqsad qildim.

Avvallari ham bilimlar bellashuvi, ona-tili va adabiyoti fani bo`yicha ko`rik-tanlov, fan olimpiadalarida ishtirok etganman. Lekin bu tanlov juda boshqacha bo`ldi. Ishtirokchilarning bilimi, saviyasi, darajasi yuqori ekani, ko`p kitob o`qishgani ko`rinib turgandi. Ularni ko`rgach, biroz cho`chidim ham.

Tanlovning mamlakat bosqichida g`olib bo`lib, “Spark” avtomashinasini yutib oldim. O`zim uchun, shaxsiy kamolotim uchun kitob o`qiganimni inobatga olib Prezidentimiz sovg`a berishlari kutilmagan tuhfa bo`ldi. Axir o`qiganim o`zim uchun foyda-ku.

Ko`plab kitoblar olib berib, o`qishimga rag`bat bergan ota-onamga ushbu mashinani sovg`a qilaman.


Mohiniso Shomurodova

Samarqand viloyati, Narpay tumani

17-umumta`lim maktabining 10-sinf o`quvchisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1