1

Davlat organlari jurnalistlar bilan ko`proq muloqotda bo`ladi

Jamiyat 22.02.2018, 16:54
Davlat organlari jurnalistlar bilan ko`proq muloqotda bo`ladi

Vazirlar Mahkamasining 15.02.2018 yildagi 125-son «O`zbekiston Respublikasi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori e`lon qilindi.

Barcha darajalardagi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining (keyingi o`rinlarda organlar deb yuritiladi) eng ustuvor vazifalaridan biri «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida»gi Qonunda belgilangan normalar ijrosini so`zsiz va sifatli ta`minlashdan iboratdir. Aholi bilan ochiq muloqotni yo`lga qo`yishning samarali mexanizmlari va usullarini joriy etish, organlar faoliyati to`g`risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarni ta`minlash zarurdir. Ushbu vazifaning amalga oshirilishi uchun javobgarlik tegishli organ rahbarining zimmasiga yuklatiladi.

Qaror bilan Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to`g`risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Axborot xizmatlari organ xodimlarining umumiy soni doirasida tashkil etiladi hamda shu organ rahbariga bevosita bo`ysunadigan alohida mustaqil bo`linma hisoblanadi.

Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga:

1) o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni 2 oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish;

2) O`zbekiston matbuot va axborot agentligi (O`MAA) bilan birgalikda 3 oy muddatda:

  • axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestasiyadan o`tkazish;
  • axborot xizmatlari kadrlarining malakasini oshirish va ularni jurnalist kadrlar, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish va boshqa sohalardagi yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan ta`minlash, shuningdek, axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo`yicha «yo`l xaritalari»ni ishlab chiqish;
  • axborot xizmatlari tomonidan OAV vakillari bilan, shu jumladan, organlarning rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda (bir oyda kamida 1 marta) matbuot anjumanlari, brifinglar o`tkazilishini hamda OAV va jamoatchilik bilan ishlashning boshqa zamonaviy shakllarini amaliyotga joriy etish topshirildi.

O`MAAga Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2 oy muddatda organlarning faoliyatida ochiqlik prinsipini amalga oshirish bo`yicha quyidagilarga qaratilgan metodik tavsiyalarni ishlab chiqish topshirildi:

  • organlar faoliyatining ochiqligini oshirish, ularning faoliyati to`g`risida jamoatchilikni xabardor qilishning amaliy mexanizmlarini belgilash;
  • organlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to`g`risidagi axborotdan jismoniy va yuridik shaxslar keng foydalanishini ta`minlash, ochiqlikni ta`minlash bo`yicha zamonaviy tizimlarni shakllantirishda ularga ko`maklashish va hokazo.

Quyidagilar axborot xizmatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • organ rahbariyati tomonidan zamonaviy talablarga muvofiq belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
  • axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida respublikamiz Prezidentining Matbuot xizmati, boshqa organlarning axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta`minlash;
  • organning faoliyati, uning faoliyat sohasiga doir normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida keng jamoatchilikni xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish;
  • OAV bilan o`zaro hamkorlik qilish, axborot xizmati bilan doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot xabarlarini (matbuot uchun axborotlar, byulletenlar va shu kabilarni) tarqatish, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
  • axborotni organning rasmiy veb-saytida tezkor joylashtirish va o`z vaqtida yangilab borish, veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirish;
  • axborot maydoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularga munosabat bildirishning turlari, usullari va darajasi bo`yicha ekspertlar bilan birgalikda takliflar tayyorlash, OAVda, shu jumladan, Internet tarmog`ida materiallar tarqatish bo`yicha kompleks ishlarni tashkil etish;
  • organning boshqa bo`linmalari bilan birgalikda milliy va xorijiy OAVda tarqatish uchun xabar, axborot-ma`lumot tusidagi materiallar, sharhlar va axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;
  • organ faoliyatini xorijiy OAVda sifatli yoritish maqsadida respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O`zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (kino, foto, audio va videomateriallar, bosma mahsulotlar va shu kabilar) bilan ta`minlash;
  • idora faoliyatiga nisbatan jamoatchilik fikrining holatini hamda milliy va xorijiy OAV pozisiyasini tahlil qilish va ular to`g`risida organ rahbariyatiga axborot berish;
  • organning faoliyat sohasiga aloqador matnli, foto, audio va videomateriallardan iborat ma`lumotlar bankini shakllantirish va yuritish.

Shu bilan birga har yili «Eng yaxshi axborot xizmati», «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yoritayotgan eng yaxshi jurnalist» va boshqa nominasiyalar bo`yicha tanlovlar tashkil etiladi. Tanlovlar O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunlariga bag`ishlab o`tkaziladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida rasman e`lon qilingan va 17.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Mazkur hujjatning to`liq matni, sharhlar va u bilan bog`liq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1