1

HAYoT LAVHALARI

Mutolaa 22.02.2018, 23:05
HAYoT LAVHALARI

Birinchi lavha

Yoshim yigirmada, aniq bilaman. O`n yoshligimda onam vafot etgan... Bu erga kelganimda, o`n ettida edim, hisoblab chiqqanman: har yili bittadan palma ko`chati o`tqazganman. Bu erga kelganimga uch yil bo`ldi. Buni otamning tashrifidan bilaman: har ramazon oyida u meni ko`rgani kelardi, uch marta keldi...

Ikkinchi lavha

Bugun arafa. Bayram — ertaga. Binomiz bezatilyapti, bayram uchun emas, inspektor keladi…

Men qog`oz-qalam so`radim, uzundan-uzoq xat yozmoqchiman… onamga, keyin tabriknoma ham… Berishmadi… Shikoyatnoma yozib, inspektorga beradi, deb qo`rqishdi… Qotib-qotib kuldim, axir men yozishni bilmayman-ku…

Boshqa lavha

Amaldorga qarab turib, qornimni changallab kuldim: gerdaygan, o`zini basavlat tutadi… Sanitarlar ikki yoniga saflanib olishgan… Menga yaqinlashganda, bosh shifokor uning qulog`iga: “U xavfli!” deb shivirladi… Eshitib qoldim!

Men uning abayyasiga[1] qo`l cho`zdim… U o`zicha kulgan bo`lib:

– Nima istaysan? – deb so`radi.

– Abayyangizni ushlab ko`rmoqchiman…

– Nega?

Beriroq kelishini so`rab, asta shivirladim:

– Qancha pulga arzishini chamalab ko`rmoqchiman… Qishlog`imdagi bolalarga shirinlik jo`natishga etarmikin?

U miyig`ida kulib, tashqariladi... Bosh shifokor baqraygancha, qo`rquvdan qalt-qalt titrardi…

So`nggi lavha

Bosh shifokor… Uning turq-atvoridan kulgim qistaydi… Afti basharasi shilingan… Buni men qildim… tirnoqlarim bilan o`yvoldim… U g`ururimni sindirmoqchi bo`ldi… Men esa uning burnini sindirmoqchi bo`ldim… bo`lmadi… Faqat basharasini o`zining qoniga bo`yaganim qoldi…

Kichkina lavha

Sanitar ayol menga ovqat olib keldi. Lekin men hech narsa so`ramagandim. U menga:

– Go`shtni qo`shnimning itiga berdim… rosa och ekan… – dedi.

– To`g`ri qilibsiz, it shunga munosib…

Ibratli lavha

Hamshira, odatdagidek, emlagani kelib turibdi… Qo`lida shpris, lekin qo`limga igna sanchmaydi: suyuqlikni boshqa bir shishachaga to`kib, ko`ksiga yashirib olib ketadi… Menga baribir… To`g`ri. shundan keyin cheksiz fazolarga uchaman… ammo keyin qorong`ulikka qaytib, boshim zirqirab og`riydi…

Hamshiraga:

– Menga palma tikanlaridan keltirib ber… – dedim.

– Nega? – deb so`radi u loqaydlik bilan.

– Qornim qappayib qolmasligi uchun to`shagimga g`ov yasayman…

Uning qornini ushlab ko`rdim… Chuqur xo`rsinib, hamshira o`rnidan turdi-da, xalatini to`g`rilab, chiqib ketdi…

Dilsiyoh lavha

Bir kuni otam menga bilaguzuk sotib olib berdi. O`zimda yo`q xursand bo`lib, dugonalarimga ko`rsatdim. O`gay onam o`ziga marjon, uzuk, bir qancha bilaguzuk sotib oldi… Menga nima?! Otamning boyib keganiga suyundim, xolos.

Marjonimda quyosh nurlari tovlanayotganiga mahliyo bo`lib o`tirgandim. Birdan vahimali gumbur-gumbur eshitildi: kattakon moshina bog`imizni vayron qilayotgan ekan, palmalarimga asta-sekin yaqinlashyapti… Chinqirgancha, chopib borib, moshinaning oldiga o`tirib oldim… O`gay onam qo`limdan sudrab:

– Bog`ni sotdik. Bu erga ko`cha tushadi… – dedi.

Men uning sochlarini yulib, yuziga chang soldim…

– Bu bilaguzuging qaysi pulga kelganini bilasanmi o`zi?!

Bilaguzukni moshina tagiga tashladim… Keyin… meni shu yoqqa olib kelishdi.

Yana bir so`nggi lavha

Farrosh menga:

– Sen haqingda gazetada yozishibdi… – dedi.

– Nega?

– Inspektor qishlog`ingdagi bolalarga shirinliklar jo`natibdi…

– Xursand bo`lishibdimi?

– Ha! Ular minnatdor bo`lib telegramma yuborishibdi… inspektorga…


Sharifa ShAMLAN (Iroq)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.



[1]Abayya — uzun engli ko`ylak (tarj).

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1