1

O`zbekistonda o`lgan odam tergov qilindi, sud esa uni aybladi

Jamiyat 23.02.2018, 09:07
O`zbekistonda o`lgan odam tergov qilindi, sud esa uni aybladi

Balki bu voqeaga ishonmassiz, lekin Tergovchi vafot etgan odamni so`roq qildi, unga savollar berib, oxirida uni aybladi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati Bog`ot tumani bo`limi boshlig`i (“UzNews.uz”da ushbu mulozimning ismi-sharifi ma`lum) Departamentning Bog`ot tuman bo`limi tomonidan fuqaro G.Atajonova va boshqalarning MXXning Bog`ot tuman bo`linmasi boshlig`i nomiga yozgan arizasi yuzasidan IIB, DSI xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazilgani qayd etgan hamda Jinoyat ishi qo`zg`atish va ish yurituviga olish haqida 2017 yilning 30 aprel kuni Qaror qilgan.

Bu voqea haqidagi barcha hujjatlar «UzNews.uz»ga taqdim qilingan. Qarorda, Bog`ot tumani Dehqonbozor qishlog`i Uzumzor mahallasida yashagan, Saidmahmudov Boboxon Boltaevich aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zgalarning mulkini qo`lga kiritib kelganligi bois, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgani bayon qilingan.

Shuningdek, ushbu Qarordan bir nusxa Bog`ot tumani Prokuroriga yuborilgan.

Bog`ot tumani prokurori (“UzNews.uz”da ushbu mulozimning ismi-sharifi ma`lum) tomonidan tasdiqlangan Ayblov xulosasida, voqea joyidan 197 million 142 ming so`m pul va 12 million 535 ming so`mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olinganligi ham qayd etilgan.

Shuningdek, bir fuqaroning “firibgarlik” ishi bo`yicha 2017 yilning 23 may kuni aynan Prokurorning rahbarligida, Tuman IIB tergovchisi, MXX Bog`ot tuman bo`linmasi xodimi, Tuman IIB JQ va UJQKB katta tezkor vakili, tezkor vakili, Tuman IIB XOOG MTP PkI va yana bir kishidan iborat tarkibda tergov guruhi tuzilgan.

Barcha tadbirlar amalga oshirilgan, xullas Saidmahmudov Boboxon Boltaevichga nisbatan Jinoyat ishi qo`zg`atilgan, lekin ayblanuvchi sifatida so`roq qilinishi lozim bo`lgan fuqaro Boboxon Boltaevich 2017 yilning 4 iyul kuni yurak qon tomir va nafas etishmovchiligi, miya shishi, koma holati, bosh miyada qon aylanishining gemorrogik tipda o`tkir buzilishi kasalligi bilan olamdan o`tgan.

2017 yilning 4 iyul kuni olamdan o`tgan fuqaro Tuman IIB tergovchisi tomonidan so`roq qilingan.

Qanday qilib, vafot etgan kishiga nisbatan ehtiyot chorasi qanday bo`lgan va unga nima savollar berilgan deb, balki siz ham qiziqayotgandirsiz. Albatta, tergovchi tomonidan savollar berilgan, masalan “Siz ko`rsatuv berishni xohlaysizmi, agar ko`rsatuv berishni xohlasangiz qaysi tilda ko`rsatma berasiz” mazmunidagi savol ayblanuvchi marhumga berilgan.

Noto`g`ri uylamang biz aqldan ozmaganmiz, qo`limizda yuqoridagi yozganlarimizni isbotlovchi dalil va ashyolar mavjud. Bu kabi savollarga tabiiyki javob bo`lmagan, javob beradigan yoki berishi kerak bo`lgan ayblanuvchi 2017 yilning 4 iyul kuni vafot etgan edi, tergovchi esa MARHUMni 2017 yilning 26 oktyabr kuni so`roq qilgan.

O`quvchi bizni balki sanalarda adashganimizni iddao qilar, yo`q aslo unday emas, hammasi haqiqiy holatga asoslangan. Bu erda kim adashganini bilib olish o`zingizga havola. Tergovchi rostan ham o`lgan odamni so`roq qilgan, men rasmiy hujjatlarga asoslanib shunday fikrlayapman, birovni ayblash fikridan esa yiroqman.

Bu jinoyat ishi bo`yicha Jinoyat Prosessual kodeksi 84-moddasiga asosan, advokat tergovchidan ishni ayblanuvchiga nisbatan ayblilik masalasini hal qilmay turib tugatish bo`yicha Iltimosnoma ham taqdim qilgan.

Tuman IIB Tergov bo`limi bu jinoyat ishini tugatmagan holda, uni Jinoyat ishlari bo`yicha Bog`ot tumani sudiga oshiradi, Bog`ot tuman Jinoyat ishlari bo`yicha sud raisi esa o`lib ketgan odamning ishini sud tartibida, uning aybini isbot qilish uchun, sud ishini 2017 yilning 27 noyabr kuniga belgilaydi.

Bizdagi mavjud ma`lumotlarga ko`ra, Marhum Saidmahmudov Boboxon Boltaevichga nisbatan o`tkazilgan ish bo`yicha Hukm 2018 yilning 12 yanvar kuni o`qilgan.

Hukmga ko`ra, “Marhum Saidmahmudov Boboxon Boltaevich O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilsin”, deyilgan.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1