1

Shavkat Mirziyoev ichki turizmni yanada rivojlantirishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi

Jamiyat 23.02.2018, 09:25
Shavkat Mirziyoev ichki turizmni yanada rivojlantirishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 22 fevral kuni videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko`paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo`yicha ko`rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo`la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to`liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o`z bilganicha faoliyat yuritib keldi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoniga muvofiq sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog`i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017 yil 16 avgustidagi qarori bilan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Joriy yil fevral oyining o`zida Prezidentning shu sohaga doir 4 ta muhim farmon va qarori qabul qilingani davlatimizning turizm rivojiga yuksak e`tiboridan dalolat bo`ldi. Ushbu qarorlar bilan sohada yig`ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo`yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko`plab imtiyozlar, engilliklar berildi.

Shavkat Mirziyoev turizmning iqtisodiyotdagi o`rnini alohida ta`kidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo`yicha ko`rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi.

Turizmni rivojlantirish qo`mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o`rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Joriy yilning 10 fevralidan boshlab, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo`lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018 yil 1 iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi.

Yig`ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to`liq ishga tushirish, jahon tajribasini o`rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam engillashtirib borish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Turistlar mamlakatimizga kelgandan so`ng yashash joyi bo`yicha 3 kun ichida ro`yxatdan o`tishi zarurligi ularga noqulaylik tug`dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta`minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo`lishi kerakligi ta`kidlandi.

Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo`lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o`rinlari ochamiz desak, turistga shart qo`yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu bois ro`yxatga olish tizimini to`liq elektron shaklga o`tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda 2017 yilda O`zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko`rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko`rish, davolanish, o`qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko`pchilikni tashkil etishi ta`kidlandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda turizmning barcha istiqbolli yo`nalishlarida sayyohlar sonini ko`paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo`yildi.

Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o`rniga alohida e`tibor qaratildi.

Jahon sayyohlik tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, dunyo bo`ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi.

“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasinig bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo`lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo`yicha natijali ish olib borilmayapti.

Shundan kelib chiqib, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo`yildi. Ularga muvofiq aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo`lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o`rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo`llanadi.

Yig`ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O`zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo`lgan aviachiptalar sotib bo`lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo`lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to`g`ridan-to`g`ri reyslar ochiladi.

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta`sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e`tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to`liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun`iy navbatlar, taksi xizmati ko`rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko`rsatiladigan xizmat turlarini ko`paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy etishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko`paytirish, shu bilan birga, bu yo`nalishda xususiy joylashtirish ob`ektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga er ajratish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo`llar bo`yida sanitariya-gigiena shahobchalarini ko`paytirish zarurligi ta`kidlab o`tildi.

Madaniy meros ob`ektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo`l ko`rsatkichlari o`rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko`paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Dyuti fri”, “Taks fri” tizimidagi savdo shahobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik sub`ektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish bo`yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Videoselektor yig`ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam ta`minlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini an`anaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablag`larida sayohat uchun xarajatlar ulushini ko`paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ziyorat turizmi bo`yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yo`nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo`yicha qo`mita tarkibida Ziyorat turizmini qo`llab-quvvatlash bo`limi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi.

Yig`ilishda bu boradagi imkoniyatlardan to`la foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd qilindi.

Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko`p, dedi Shavkat Mirziyoev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ`ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, ya`ni Buxorodagi “Etti pir” va Samarqanddagi “Xo`ja Ahror Valiy” ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Inganakiy maqbaralari ta`mirga muhtoj.

Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo`llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo`yicha topshiriqlar berildi.

O`zbekiston turizm brendini xorijda targ`ib qilish masalasi ham tahlil qilindi.

Mamlakatimiz investisiya, savdo va turizm salohiyatini o`zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta`kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O`zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ`ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko`rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi.

Xorij davlatlardagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ`ibotchilari bo`lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qo`shishi zarurligi ta`kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo`nalishlar belgilab berildi.

Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1