1

Toshkentda ilk bor “Women Techmakers 2018 International Women’s Day Celebration” tadbiri o`tkaziladi

Jamiyat 23.02.2018, 09:44
Toshkentda ilk bor “Women Techmakers 2018 International Women’s Day Celebration” tadbiri o`tkaziladi

Toshkentda ilk bor “Women Techmakers 2018 International Women’s Day Celebration” (IWD) tadbiri o`tkaziladi. Unga poytaxtimizdagi Inha universiteti mezbonlik qiladi.

“Women Techmakers” brendi “Google” kompaniyasiga tegishli bo`lib, yuqori texnologiyalar sohasidagi xotin-qizlar uchun global dastur hisoblanadi. U innovasiyalarni qo`llab-quvvatlash va mazkur tarmoqqa ayollarni jalb etishga ko`maklashish uchun resurslar yo`naltiradi.

“Google Developer Groups (GDG) Tashkent” guruhi Inha universiteti va BMTning ma`muriy islohotlar va raqamli o`zgarishlar bo`yicha dasturi va “Super Dispatch” kompaniyasi ko`magida ushbu tadbirni o`tkazadi.

"Xalq so`zi" nashrining xabariga ko`ra, tadbir ikki qismdan iborat bo`ladi. Kunning birinchi yarmida ishtirokchilar axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib boradigan xotin-qizlar faoliyati bilan tanishtiriladi. Ular IT-loyihalar ustida ishlash bo`yicha o`z tajribasi bilan o`rtoqlashadi. Xorij kompaniyalarining bu boradagi yutuqlari bo`yicha fikr almashiladi.
Ikkinchi qismida seminarlar, mahorat maktablari o`tkazilib, turli axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish va loyihalarni boshqarish bo`yicha bilimlar beriladi.

Tadbirda 18 yoshdan katta bo`lgan barcha xohlovchilar qatnashishi mumkin. Tadbir o`zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Unda ishtirok etish uchun quyidagi manzil orqali shu yilning 5 martiga qadar ro`yxatdan o`tish lozim: http://bit.ly/wtm18tashkent.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1