1

Sog`liqni saqlash vazirligi: endi oqqon hayotga xavf solmaydi

Jamiyat 24.02.2018, 10:00
Sog`liqni saqlash vazirligi: endi oqqon hayotga xavf solmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi va bevosita topshirig`i asosida mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantasiyasi bo`yicha zamonaviy operasiyalar amalga oshira boshlandi, deb xabar qilmoqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

O`tgan yildan e`tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko`chirib o`tkazish bo`yicha operasiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo`lsa, yaqinda ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko`chirib o`tkazish operasiyasi bajarildi.

Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida yana bir noyob amaliyotga qo`l urildi. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg`or yo`nalishi – o`zak hujayra transplantasiyasini o`zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo`lga qo`ydi. 2017 yilda institutda besh nafar og`ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo`nalishda tibbiy yordam ko`rsatildi va ular sog`lom hayotga qaytmoqda.

Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o`ta mas`uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo`nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo`lgan narxlarda bunday jarrohlik amaliyotini o`tkazishga majbur bo`layotgan edi. Mana, endi shunday murakkab va noyob operasiyalar yurtimizdagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o`tkazilmoqda.

O`zak hujayra transplantasiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Zero, kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o`tkazilishi zarur. Bu jarayon uch bosqichda o`tkaziladi. Ya`ni, sitogenetik, molekulyar-genetik, hujayrani immunofenotip tahlil qilish talab etiladi. Shunisi e`tiborliki, Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti klinikasining molekulyar tibbiyot va hujayralar texnologiyasi bo`limi bu borada qo`llaniladigan eng so`nggi texnologiyalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda institutda yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida gemopoetik o`zak hujayralarini davolash markazi tashkil etilgan. Ushbu yangicha davolash uslubini chuqur o`zlashtirish maqsadida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya, AQSh kabi mamlakatlarda 35 nafarga yaqin mutaxassislar, jumladan, gematolog vrachlar, laborantlar va hamshiralar malaka oshirib keldi.

Aytish joizki, o`zak hujayrani ko`chirib o`tkazish bilan bog`liq murakkab amaliyotga muhtoj bemorlar sog`lig`ini tiklash uchun shifoxonada yaratilgan sharoit ham nihoyatda muhimdir. Gemopoetik hujayralarni davolash markazidagi muolaja xonalari eng so`nggi texnologiyalar bilan jihozlangani bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Ya`ni, muolaja xonalari Fransiyadan olib kelingan uch bosqichda palata havosini sterillash, tozalash funksiyasini bajaradigan maxsus ventilyasiya sistemasi bilan jihozlangan. Chunki, qon kasalligi tufayli transplantalogiya amaliyotiga muhtoj bemorning immuniteti nihoyatda zaif bo`ladi. Bunday bemorlar uchun avvalo steril muhit yaratish muolajalarning asosiy qismi hisoblanadi. Markazda shunday sharoitlarning mavjudligi muolajalarni yuksak saviyada o`tkazishga imkon yaratmoqda.

Jahon tibbiyotida o`zak hujayrani ko`chirib o`tkazishning ikkita turi keng qo`llaniladi. Birinchisi bemorning o`zidan sog`lom o`zak hujayralarni ko`chirib o`tkazish. Bu amaliyot limfoma va mieloma kasalliklarida qo`llaniladi. Chunki, bu kasalliklarda insonning asosiy o`zak hujayrasi sog`lom bo`ladi va uning bemorga qaytadan ko`chirib o`tkazish yordamida muolajalarni o`tkazish mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimiz tibbiyotida bu usuldan samarali foydalanilmoqda. Yuqorida qayd etilganidek, o`tgan yili besh nafar bemor shu usul bilan shifo topdi.

Biroq, o`tkir leykoz (oqqon) kasalligida bemorning asosiy o`zak hujayrasi ham kasallangan bo`ladi va bunday vaziyatda donor ko`magiga ehtiyoj tug`iladi. Mamlakatimiz olimlari hozirgi kunda jahon tibbiyotining bu usulini ham chuqur o`zlashtirib, amaliyotga tatbiq etishga tayyor holda turibdi.

O`tkir leykoz kasalligida o`zak hujayra transplantasiyasida bemor uchun eng avvalo uning tug`ishgan aka-uka, opa-singillari asosiy donor bo`la oladi. Shuningdek, boshqa insonlar ham agar bemorga o`zak hujayrasining HLA-antigen tizimi mos tushsa, donor bo`lishi mumkin. Kelgusida, bunday donorlik ko`magiga ehtiyojni to`liq qoplash maqsadida o`zak hujayralar bankini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1