Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan sohada belgilangan vazifalar ijrosiga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E. Muhiddinov har yili mamlakatda yarim million yosh mehnat bozoriga kirib kelishi, ularni ish bilan ta`minlash eng muhim masalalardan biri ekanligini ta`kidladi.
Aholi bandligini ta`minlash yo`nalishida 2017 yilda hududiy bandlikka ko`maklashish markazlari tomonidan 229,9 ming nafar fuqaro ishga joylashtirilib, 27,1 ming kishi jamoat ishlariga jalb etildi. Ish qidirayotgan fuqarolar uchun qulayliklar yaratish maqsadida bo`sh ish o`rinlari yarmarkalari tashkil etildi. Yarmarkalar natijasiga ko`ra, 52,2 ming nafar shaxs ishga yo`llanma oldi va 133 mingdan ortiq faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va huquqiy masalalar bo`yicha maslahat berildi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishga joylashganligi monitoringini yuritish bo`yicha maxsus tashkil etilgan axborot tizimi ma`lumotlariga ko`ra, 2016/2017-o`quv yili bitiruvchilarining 73,4 foizining bandligi ta`minlandi.
Matbuot anjumanida vazirlik tomonidan joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha va dasturlar haqida ma`lumot berildi. Xususan, 2018 yilda og`ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo`yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq 9936 nafar xotin-qiz bandligini ta`minlash choralari ko`rilmoqda. Vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg`armasiga 2017 yil uchun 84 milliard so`m ajratilgan bo`lsa, joriy yilda ushbu yo`nalishda ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida 714 milliard so`m ajratildi.
Prezidentning 2018 yilda aholi bandligiga ko`maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi qaroriga ko`ra joriy yilda respublika hududlarida 346,7 mingdan ortiq ish o`rinlari tuman, shaharlar kesimida tashkil etilishi belgilab berildi. Haq to`lanadigan jamoat ishlari, vaqtinchalik va bir martalik ishlar, kasb-hunarga qayta tayyorlash va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi orqali tashkillashtirilgan tarzda chet elda ishga joylashtirish hisobiga 295,9 mingdan ko`proq fuqaroni bandligini ta`minlash nazarda tutilgan.
Anjumanda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ham to`xtalib o`tildi. Agentlik tomonidan o`tgan yilda 2613 nafar fuqaro Janubiy Koreyaga yuborildi, 2710 nafar nomzod esa koreys tilidan test sinovidan o`tgan. Ular nomiga ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi yo`llangan.
Shuningdek, Rossiyaning 24 ta korxona va tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalarga asosan tanlovlardan o`tgan 922 nafar fuqaro mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ushbu davlatga yuborildi. 17 nafar o`zbekistonlik esa Yaponiyada tashkillashtirilgan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.






