AsosiyJamiyat

Toshkentda nafaqadagi general-mayor Ismail Ergashev bilan vidolashuv marosimi bo`lib o`tdi

'Toshkentda nafaqadagi general-mayor Ismail Ergashev bilan vidolashuv marosimi bo`lib o`tdi'ning rasmi

25 fevral kuni poytaxtimizdagi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida nafaqadagi general-mayor Ergashev Ismail Ergashevich bilan vidolashuv marosimi bo`lib o`tdi.

I. Ergashev 24 fevral kuni 73 yoshida vafot etdi. Motam marosimida keng jamoatchilik, vazirlik va idoralar vakillari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a`zolari ishtirok etdi.


I. Ergashev 1945 yil 5 avgustda Samarqand viloyatining Chelak tumanida tug`ilgan. O`z hayotini O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tashkil etilishi va rivojlantirilishi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish va mudofaa qobiliyatini yuksaltirishga bag`ishlagan general-mayor I. Ergashev 1992-94 yillarda Mudofaa vazirligi artilleriya boshqarmasi boshlig`i, 1994-97 yillarda Mudofaa vazirligi artilleriya boshqarmasi boshlig`i – Artilleriya qo`mondoni, 1997-99 yillarda Mudofaa vazirining front orti ta`minoti va kapital qurilish bo`yicha o`rinbosari, 1998-2000 yillarda Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo`yicha o`rinbosari, 2000-2004 yillarda Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni, 2004-2005 yillarda Mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Birlashgan shtab boshlig`i lavozimlarida faoliyat yuritgan.


Uning el-yurt tinchligi yo`lidagi fidokorona xizmatlari munosib e`tirof etilgan. General-mayor I. Ergashev mamlakatimizning bir qancha davlat mukofotlari, shu jumladan I va II darajali “Shon-sharaf” hamda “Jaloliddin Manguberdi” ordenlari bilan taqdirlangan.
I. Ergashev o`zi tug`ilib o`sgan Samarqand viloyati Chelak tumanida joylashgan qabristonga dafn etildi.


Mudofaa vazirligi rahbariyati Qurolli Kuchlarimizning hurmatli faxriysi vafot etgani munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etadi.
Xalqimizning sodiq farzandi, fidoyi insoni, yoshlarning mehribon ustozi general-mayor I. Ergashev xotiramizda mangu qoladi, deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar