AsosiyJamiyat

Koka-Kola Qoraqalpog`istonga investisiya kiritmoqda

'Koka-Kola Qoraqalpog`istonga investisiya kiritmoqda'ning rasmi

Koka-Kola jamg`armasi BMTning Orol dengizi bo`yicha qo`shma dasturi doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasining Taxtako`pir tumanida suv ta`minotini yaxshilash loyihasiga 100 ming AQSh dollari miqdorida investisiya kiritmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

BMT ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda sayyoramiz aholisining 40 foizdan ortig`i ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekmoqda. 884 million kishi toza suv ta`minotidan mahrum, 1,7 milliarddan ko`proq odam qo`shimcha chuchuk suv manbalariga ehtiyoj sezmoqda.

Orol dengizi qurishi natijasida Qoraqalpog`istonda ham bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar vujudga kelgan. Mahalliy aholining faqatgina 50,8 foizi markazlashgan suv ta`minotidan foydalanish imkoniga ega. Uzoq tumanlar aholisi joylarda o`rnatilgan suv manbalari hamda chuqurligi 400-500 metrlik artezian quduqlardan olinadigan suvni iste`mol qilmoqda.

photo5233310920694933698.jpg

Taxtako`pir tumanidagi «Ata ko`l» qishloq fuqarolar yig`inining «Maqpal ko`l» ovulida aholining ichimlik suviga ehtiyoji qo`l nasoslari orqali ta`minlanadi. Bu esa salomatlik va sanitariya borasida qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Koka-Kola jamg`armasi va Global suv resurslari muammolari bo`yicha tashkilot tomonidan Yangi olam dasturining moliyaviy ko`magida amalga oshirilayotgan «Orolbo`yidagi qishloq hududlarida ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash» loyihasi doirasida 2018 yil oxirigacha tumanda suv taqsimlash stansiyasini tiklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 2 mingga yaqin odam toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo`ladi.

photo5233332988236900536.jpg

Mahalliy aholini jalb qilgan holda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda ko`mak berish BMTning hududda amalga oshirilayotgan «Orol mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan jabr ko`rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash» qo`shma dasturining muhim yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. BMT Taraqqiyot dasturi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi va Taxtako`pir tumani hokimligi hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Yangi olam dasturi tomonidan ham qo`llab-quvvatlandi.

Yangi loyiha doirasida tuman hokimligi va aholi ishtirokida ta`lim va tibbiyot muassasalarida sanitariya-gigiena masalalariga bag`ishlangan turkum seminarlar tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar