O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi «O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash departamenti negizida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Xizmatning asosiy vazifasi bank xizmatlari iste`molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, moliyaviy xizmatlar qulayligini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish hisoblanadi.
Bunda bank xizmatlari deganda tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar tushuniladi. Bank xizmatlari iste`molchilari deganda esa kredit tashkilotlaridan bank xizmatlarini olmoqchi bo`lgan, olayotgan yoki olib bo`lgan jismoniy shaxslar (ro`yxatdan o`tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham) va yuridik shaxslar kiradi.
Xizmat o`z faoliyati davomida tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan huquq buzilishlari holatlari bilan bog`liq murojaatlarni ko`rib chiqib, mazkur huquqbuzarliklarni bartaraf etish va iste`molchilarning huquqlarini tiklash bo`yicha ishlar olib boradi.
Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida Jamoat qabulxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur Jamoat qabulxonalariga iste`molchilar bank xizmatlari sohasidagi amaldagi qonunchilik normalari yuzasidan maslahat va tushuntirishlar olish maqsadida murojaat etishlari mumkin.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish maqsadida, kredit tashkilotlariga bank xizmatlari iste`molchilarining manfaatlarini himoya etish standartlariga nisbatan qo`yiladigan minimal talablarni belgilash, aholining bank tizimiga bo`lgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan moliya-kredit tizimida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bank xizmatlarini ko`rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning talablarini qondirish imkonini beruvchi innovasion bank xizmatlarini ko`rsatish ko`zda tutilgan.
Iste`molchilarning bank filiallari ofislariga hech qanday to`siqsiz kirishi uchun ma`murlar bilan ta`minlangan mijozlarni dastlab qabul qiluvchi va axborot-maslahat beruvchi tizim va shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, iste`molchilarning xizmatlar bo`yicha haqqoniy va batafsil axborot olishdagi huquqlarini amalga oshirish maqsadida kredit muassasalari tomonidan mijozlarga kredit shartnomasi tuzilishidan oldin kredit (zayom)ning haqiqiy qiymatini bilish imkonini beradigan “kreditning to`liq qiymati” to`g`risida axborot taqdim etilishini ta`minlash choralari ko`riladi.
Joriy yilning mart oyida Markaziy bankning internet-resursida (http://www.cbu.uz) Xizmatning alohida bo`limi ochiladi. Ushbu bo`limda bank xizmatlari iste`molchilari uchun batafsil ma`lumotlar joylashtirib boriladi.






