Joriy yilning 5-8 iyun kunlari “Markaziy Osiyoda atrof-muhit va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida bo`lib o`tadigan xalqaro ekologik forum doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Orol dengiziga mediatur tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi o`tkazgan brifingda ma`lum qilindi.
Forum atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida barcha manfaatdor mamlakatlar bilan o`zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Unda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini kengaytirish bilan bog`liq masalalar muhokama qilinadi.
Tadbirda ko`plab davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish va suv xo`jaligi bo`yicha davlat organlari rahbarlari, etakchi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.






