Vazirlar Mahkamasining 26.02.2018 yildagi 143-son «O`zbekiston yoshlar ittifoqining Xalqaro yoshlar oromgohini tashkil etish to`g`risida»gi qarori e`lon qilindi.
Oromgoh quyidagi manzilda joylashadi: Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, «Guliston» mahallasi, Fidokor ko`chasi, 45-uy. Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan tegishli ob`ektlar Yoshlar ittifoqiga tekin foydalanishga beriladi.
Oromgohda har yilgi yoz mavsumi davomida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan bolalarning dam olishi tashkil etiladi (oromgoh har yili 20 mayga qadar Kasaba uyushmalari federasiyasiga yoz mavsumiga tayyor holda, xizmat ko`rsatadigan xodimlar bilan taqdim etiladi). Bolalarning oromgoh atrofida joylashgan attraksionlar, yopiq suzish havzalari va sport maydonchalaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Boshqa vaqtda oromgohda Yoshlar ittifoqi faollari ishtirokida turli xil tadbirlar, festivallar, anjumanlar, seminar va boshqa mashg`ulotlar o`tkazib boriladi.
Davlat organlari, Kasaba uyushmalari federasiyasi va Yoshlar ittifoqiga tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 26.02.2018 yildan kuchga kirdi.






