Vazirlar Mahkamasining 22 fevraldagi 137-son qarori bilan Biriktirilgan hududda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha faoliyatini baholash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Tasdiqlangan mezonlardan kelib chiqqan holda profilaktika inspektorlari va tezkor xodimlarga nisbatan bir martalik pul ushlash va mukofotlash qo`llaniladi. Ushlanmaning ham, mukofotning ham eng yuqori miqdori xodim lavozim maoshining 50 foizini tashkil etadi.
Bir martalik pul ushlanishi intizomiy jazo chorasi hisoblanmaydi va uning qo`llanishi intizomiy jazo chorasini qo`llash bilan bog`liq oqibatlarga olib kelmaydi. Xodim avval intizomiy jazoga tortilganligiga asoslanib bir martalik pul ushlanishini qo`llashga yo`l qo`yilmaydi.
Pul mukofoti rag`batlantirish chorasi hisoblanmaydi va xodimning amaldagi intizomiy jazosi mavjudligiga qaramasdan qo`llanadi.
Bir martalik pul ushlanishi va mukofotlashni qo`llash to`g`risidagi qarorlar Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBBda tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi. Komissiyaning hisobot choragidan keyingi hisobot choragining birinchi oyi 15-sanasidan kechiktirmay o`tkaziladigan majlislarida o`tgan chorakdagi IIO xodimlarining faoliyati baholanadi.






