AsosiyJamiyat

Prezident qarori bilan bog`cha tarbiyachilarining oyligi oshiriladi

'Prezident qarori bilan bog`cha tarbiyachilarining oyligi oshiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 28 fevral kuni «Davlat maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to`lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorni imzoladi.

Ushbu qaror uzluksiz ta`lim yagona tizimining muhim bo`g`ini sifatida maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning mehnatiga haq to`lash va moddiy rag`batlantirishning munosib shart-sharoitlarini yaratish, yuqori malakali kadrlarni, shu jumladan, yosh bitiruvchilarni jalb etish, jamiyatda davlat maktabgacha ta`lim muassasalari pedagoglarining nufuzini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlari ayrim toifalarining 2018 yil 1 martdan boshlab – mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o`qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to`lashning bazaviy tarif stavkalari – 30 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma`lumotli o`qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to`lashning bazaviy tarif stavkalari, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta`lim maktablari boshlang`ich sinflari o`qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda – 30 foizga, oliy yoki o`rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma`lumotli tarbiyachining o`rinbosarlari mehnatiga haq to`lashning bazaviy tarif stavkalari – 20 foizga, maktabgacha ta`lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to`lashning bazaviy tarif stavkalari – 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog` va G`uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako`l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo`rg`on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalar saqlangani uchun amaldagi ota-onalar to`lovi miqdori 2023 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda ikki baravar pasaytiriladi.

2018 yil 1 martdan boshlab davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida tarbiyachining yordamchisi mehnatiga haq to`lash tartibi bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib joriy etiladi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018 yilda ushbu qarorga muvofiq davlat ta`lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to`lashning bazaviy tarif stavkalarini oshirish bo`yicha qo`shimcha xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga moliyalashtirilishini ta`minlab, 2019 yildan boshlab esa O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu xarajatlarni nazarda tutadi, davlat maktabgacha ta`lim muassasalarini moddiy rag`batlantirishning maxsus jamg`armasini shakllantirishga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to`lash fondining qat`iy ravishda 15 foizi miqdorida qo`shimcha mablag`lar ajratilishini ta`minlaydi.

O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi moddiy rag`batlantirishning maxsus jamg`armasi mablag`laridan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o`rnatadi, davlat maktabgacha ta`lim muassasalari xarajatlari smetalarida ular alohida satrda ajratilishini nazarda tutadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to`g`risida» 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-son qarorining 32-ilovasiga ilovaga muvofiq o`zgartirish kiritiladi.

O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida bir hafta muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

    Boshqa yangiliklar