Kecha, 27 fevral kuni O`zbekistonning ayrim hududlarida, xususan, Buxoro, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuchli shamol va yomg`ir kuzatildi.
Ayniqsa, Toshkentda shamolning tezligi 16 m/s (58 km/s) gacha, poytaxt viloyatida esa 15 m/s (54 km/s) gacha etdi, natijada Olmazor tumanida yo`lning qatnov qismiga daraxt ag`darilib tushib, tuman obodonlashtirish boshqarmasining yordami bilan qisqa vaqtda tabiiy ofatning oqibatlari bartaraf qilindi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar berdi.
Samarqand viloyatining, Urgut, Kattaqo`rg`on, Samarqand tumanlarida, Toshkent viloyatining Bo`stonliq, Toshkent va Yangiyo`l tumanlarida va Toshkent shahrida shiddatli yomg`ir yog`ib o`tdi. Natijada Toshkent shahrining ayrim tumanlarida turar-joy binolarining alohida qismlariga suv kirishi kuzatildi. Obodonlashtirish boshqarmasi va FVBning zarur kuch va vositalar yordamida yomg`ir oqibatlari qisqa muddatda bartaraf etildi.
Samarqand viloyatining Urgut, Kattaqo`rg`on, Samarqand tumanlari tog`li hududlarida sel yog`ib o`tdi. Viloyat FVB xodimlari, IIB hamda mahalliy xokimiyat organlari bilan hamkorlikda joylarda profilaktik choralar ko`rildi. Jarohat olganlar yoki jabrlanganlar haqida ma`lumotlar kelib tushmadi.
Ta`kidlash kerakki, Samarqand viloyatining tog`li hududlarida bir sutkadagi yog`ingarchilik, oylik yog`ingarchilik miqdorining 67 foizini tashkil etdi.






