Surxondaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi tergov bo`limining sobiq rahbari Nodir To`raqulov hibsga olingan. Bu haqda bir qator xorijiy OAV hamda «Xabar.uz» manbasi xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, N.To`raqulovga O`zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirovning kuyovi bo`lgan N.To`raqulov Surxondaryo viloyatidagi faoliyati davomida sheriklari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy tadbirkorlarning biznesini tortib olish, fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilish, narkotik savdolarini tashkil etish kabi jinoyatlarga aloqadorligi, Denov va Termiz shaharlarida unga tegishli «MALIKA GOLD» restorani, «ORIFA» saunalari borligi aytilmoqda.
Nodir To`raqulov Surxondaryodagi faoliyatidan so`ng Respublika Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasida bo`lim boshlig`i lavozimida ishlagan.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog`ida Milliy xavfsizlik xizmatining viloyatdagi faoliyatini jiddiy tanqid ostiga olgan edi. Davlatimiz rahbari o`z so`zida faoliyatini Surxondaryo viloyatida boshlagan MXX raisi o`rinbosari Shuhrat G`ulomovni «sotqin» deya atagan edi. G`ulomov esa To`raqulovning ustozi ekani aytiladi.
«Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni o`ldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan. Bular Surxondaryoni ot o`yin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman.
13 yil bosh vazir bo`lganman. Bu erdagi vaziyatni bilaman. Hokim hech kim emasdi. Hamma hokimlar ularning xonasida bo`lardi.
Sal qarshi gap bildirsa, g`iybat qilib ishdan olib tashlardi. O`g`riga chiqarardi, bir aybni bo`yniga qo`yardi.
Endi u zamon tugadi. Man bularning birontasiga ishonmayman, bularning ma`lumoti kerak emas. Shuni bilinglar.
Endi to`rt rahbar ko`kragingni kerib ishla. Xalq uchun, vatan uchun ishla. Endi hech kim emas ular. Ularga vakolat bergan odam yo`q endi.
Surxondaryoda bu masalada og`ir edi. Shuning uchun bu erga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o`zing pul bermaydiganmiding, san G`ulomov. Sotqin. Poraning boshida o`zi o`tirardi», — degan edi Shavkat Mirziyoev.
Prezident tanqidiga duchor bo`lganlar orasida aynan Nodir To`raqulov ham borligi aytiladi.
«Xabar.uz» nashri ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Harbiy prokuratura matbuot xizmati bilan bog`landi. «Qo`limizda bu bo`yicha rasmiy ma`lumot yo`q. Shuning uchun ham sizga aniq biror fakt ayta olmayman», — dedi matbuot xizmati rahbari Davron To`raev.