Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2018/2019 o`quv yilidan boshlab vinochilik sohasi uchun oliy malakali kadrlarni tayyorlovchi fakultet tashkil etiladi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizasiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko`ra, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O`zsharobsanoat” AJ O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddat ichida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2018/2019 o`quv yilidan boshlab vinochilik sohasi uchun oliy malakali kadrlarni tayyorlovchi fakultetni tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo`yicha takliflar kiritadi.
Kasb-hunar kollejlari o`quvchilari, oliy ta`lim muassasalari talabalari vinochilik sohasida mutaxassislik yo`nalishlari bo`yicha amaliyotni tizimli asosda bevosita ishlab chiqarish va o`zga korxonalarda, shu jumladan “O`zsharobsanoat” AJda o`taydi.
Shuningdek, qaror bilan “O`zsharobsanoat” AJning o`z mablag`lari hisobidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzurida Vinochilik sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berildi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
fan va texnikaning zamonaviy yutuqlaridan, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda, ta`limning samarali interaktiv uslublarini qo`llab vinochilik korxonalari xodimlarining bilim va ko`nikmalari darajasini oshirish;
vinochilik iqtisodiyotning ustuvor yo`nalishi hisoblangan xorijiy mamlakatlarning vinochilik korxonalari ish tajribasi bilan tanishtirish, shu jumladan u erda mamlakat mutaxassislarining tajriba o`rganishini tashkil etish, vinochilik sohasini rivojlantirish uchun malakali xorijiy ekspertlarni jalb etish;
vinochilik sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot, ta`lim va boshqa muassasalar bilan yaqindan hamkorlikni yo`lga qo`yish, innovasion yondashuvlar asosida vinochilik sohasi xodimlari uchun birgalikdagi o`quv mashg`ulotlari va kurslari o`tkazilishini tashkil etish.
Qarorning to`liq matni bilan ushbu havolada tanishish mumkin.






