Xitoylik ayol bedavo dardga chalingan erida hayot nishonalari ko`rinmagach, uni o`ldi deb o`ylab o`likxonaga yubordi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Voqea Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Shiyan shahrida ro`y berdi. Xuan familiyali erkakda oshqozon saratonining so`nggi bosqichi aniqlangan. Erta tongda uyg`ongan Xuanning rafiqasi uni uyg`otishga harakat qilgan, biroq erkak ko`zini ochmagan. Shundan keyin ayol uni kechasi o`lgan, deb o`ylagan va dafn etish xizmatiga qo`ng`iroq qilgan. O`z navbatida dafn etish xizmati erkakni o`likxonaga olib ketgan.
Erkakni dafn etishga tayyorlamoqchi bo`lgan o`likxona xodimlari uni kiyintirayayotganda barmoqlari qimirlayotganini sezib qolishgan. “Jasad”ning pulsi tekshirilganda uning tirikligi ma`lum bo`lgan. Ular tez yordamga qo`ng`iroq qilishgan, ammo tibbiyot xodimlari etib kelgunga qadar erkak olamdan o`tgan.
“Bu mening amaliyotimda ro`y bergan uchinchi hodisadir”, dedi dafn etish xizmati boshqaruvchisi. U o`liklarning barcha yaqinlariga dafn etish xizmatiga murojaat etishdan ilgari jasadning pulsini diqqat bilan tekshirishni maslahat berdi.






